date

Prezident so‘zidan keyin hokim konteyner uyga ko‘chdi

Prezident so‘zidan keyin hokim konteyner uyga ko‘chdi

Namangan viloyatining Norin tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev tanqididan so‘ng kutilmagan qaror qabul qilindi. Tuman hokimi Jo‘rabek Nurmatov aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lish va muammolarni joyida hal qilish maqsadida Sho‘rariq (yangi nomi Yangi Namangan) mahallasiga o‘rnatilgan konteyner uyda yashashni boshladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Prezidentning 16–17 sentyabr kunlari Namanganga amaliy tashrifi butun hudud hayotida yangi davrni boshlab berdi. Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov rahbarligida tegishli o‘rinbosarlar va mutasaddilar mahallaning qiyofasini tubdan yangilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarga kirishgan.

Dastlabki uchrashuvlarda nuroniylar va aholi vakillari ishtirokida bo‘sh turgan binolar o‘rnida sanoat zonasi tashkil etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, yo‘l va infratuzilmani tubdan yangilash rejalari muhokama qilingan. Shu bilan birga, Yangi Namangan va atrofdagi 6 ta mahallaning barqaror rivojlanishi uchun master reja ishlab chiqish jarayoni yo‘lga qo‘yilgan. Bu ishlar izchil muvofiqlashtirilishi uchun maxsus viloyat shtabi ham tashkil etilgan.

Prezident Mirziyoyevning kutilmagan tashrifi mahallaning haqiqiy holatini ochib berdi. Hududda 5 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, ular orasida 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz va 157 nafar mehnat migratsiyasida yurgan fuqaro borligi ma’lum qilindi. Davlat rahbari mahallaning chang bosgan ko‘chalarini, bo‘sh turgan binolarini ko‘zdan kechirdi va aholi fikrlarini eshitib, mutasaddilarga qat’iy ko‘rsatmalar berdi. U hatto “tuman hokimi zarur bo‘lsa shu yerda yotib qolishi kerak” deb urg‘ulagan edi.

Shundan so‘ng Norin tumani hokimi Nurmatovning konteyner uyga ko‘chib kirishi uning ishga bo‘lgan munosabatini amaliy namoyish sifatida qabul qilinmoqda. Mutaxassislar bu qaror mahalladagi islohotlarni tezlashtirish, muammolarni joyida hal qilish va aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish imkonini yaratishini ta’kidlashmoqda.

Hokimning konteyner uydagi hayoti simvolik ahamiyatga ega bo‘lib, davlat rahbarining “mas’ul shaxslar xalqqa yaqin bo‘lishi shart” degan talabining amaldagi ifodasi sifatida baholanmoqda.


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Prezident so‘zidan keyin hokim konteyner uyga ko‘chdi