O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov Nyu-York shahrida joylashgan BMT bosh qarorgohiga tashrif doirasida tashkilotning Yangiliklar xizmati direktori Yan Filips bilan samarali uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda global axborot maydonidagi dolzarb masalalar, xususan, voqealarni aniq, xolis va tezkor tarzda yoritish zaruriyati muhokama etildi. Asadovning ta’kidlashicha, ayni paytda ulkan axborot oqimi sharoitida faktlarning haqqoniyligini tekshirish, dezinformatsiyaga qarshi samarali kurashish hamda keng jamoatchilikning mediasavodxonligini oshirish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.
Suhbat davomida BMT Yangiliklar xizmati tomonidan O‘zbekiston tashabbuslarini, shu jumladan, xalqaro miqyosdagi muhim tadbirlarini yoritishda ko‘rsatilayotgan doimiy qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirildi. Asadovning qayd etishicha, bu nafaqat axborot maydonidagi ishonchni mustahkamlaydi, balki mamlakat tashabbuslarining dunyo hamjamiyatida to‘g‘ri qabul qilinishiga ham yordam beradi.
Yan Filips o‘z navbatida O‘zbekiston bilan mediasohadagi aloqalarni yuqori baholab, kelgusida hamkorlikni yanada kuchaytirishga tayyorligini bildirdi. Tomonlar axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, yangi media texnologiyalardan foydalanish va dezinformatsiyaning oldini olishda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishib oldilar.
Shu tariqa, uchrashuv ikki tomonlama axborot hamkorligini yanada mustahkamlash va global media maydonida haqqoniy ma’lumot tarqatishga qaratilgan muhim qadam sifatida qayd etildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!