Samarqand shahrida respublika tarixida ilk bor yer ostida joylashgan maishiy chiqindilarni yig‘ish va saqlash majmuasi tashkil etildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, majmua shaharning Qorasuv massividagi “Obod maskan” mahallasida o‘rnatilgan bo‘lib, hozircha 2 ta yarim yer osti chiqindi saqlovchi maxsus qutilardan iborat. Ular atrofga chiqindilar sochilib ketishi, issiq kunlarda noxush hidlar tarqalishi va sanitariya holati yomonlashishining oldini oladi. Bu esa mahalliy aholi uchun qulay va toza muhit yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Yangi tizim 2 metr chuqurlikka joylashtirilgan bo‘lib, har bir maydonda 2 tadan jami 4 ta maxsus konteyner mavjud. Har birining sig‘imi 3 metr kub (550 litr)ga teng va 1000–1500 nafar aholiga xizmat ko‘rsata oladi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelgusida hududda yana 5 ta shunday majmua qurilishi rejalashtirilgan.
Agentlik bu kabi loyihalar nafaqat Samarqandda, balki butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qildi. Bu chiqindilar bilan bog‘liq ekologik muammolarni kamaytirish, shahar infratuzilmasini zamonaviy standartlarga yaqinlashtirish va aholi turmush sifatini yaxshilashda katta qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Samarqandda joriy yil iyul oyidan chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yirik zavod qurilishi boshlangan. Loyiha qiymati 150 million dollarga teng bo‘lib, u kuniga 1500 tonna chiqindilarni qayta ishlaydi va yiliga 240 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
Ekologlar va mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday zamonaviy majmualar hamda qayta ishlash texnologiyalari nafaqat shahar aholisi, balki mamlakatga tashrif buyuruvchi turistlar uchun ham qulay va sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!