date

Abu Ali ibn Sino maktabi filiallari tashkil etilmoqda

Abu Ali ibn Sino maktabi filiallari tashkil etilmoqda

O‘zbekistonda tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini yanada rivojlantirish yo‘nalishida yangi qaror qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasi tegishli hujjat bilan Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning bir qator filiallari tashkil etilishini belgiladi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yilda bir necha filiallar ochilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2026–2027 yillarda yangi filiallarni qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.

Toshkent shahridagi Abu Ali ibn Sino maktabi tabiiy fanlar bo‘yicha bosh maktab sifatida belgilangan. Uning filiallari ham yagona standart asosida tashkil etilib, o‘quvchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi.

Filiallarga qabul 7-sinfdan boshlanadi. Bir sinfda eng ko‘pida 24 nafar o‘quvchi o‘qishi mumkin bo‘lib, qabul kvotalari ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, filiallarda o‘quvchilar turar joy bilan ta’minlanadi hamda maxsus tartibda autsorsing asosida bepul sog‘lom ovqatlanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qurilish va rekonstruksiya ishlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyat hokimliklari bilan kelishilgan holda 2026–2027 yillarda amalga oshiriladi.

Yangi filiallar nafaqat ta’lim sifatini oshirishga, balki iqtidorli yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Abu Ali ibn Sino maktabi filiallari tashkil etilmoqda