O‘zbekiston Hukumati yoshlar ta’limi va bilim salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbusni yo‘lga qo‘ydi. 2025-yil 8-oktyabr kuni qabul qilingan 632-sonli qarorga muvofiq, chet tillarni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlar uchun maxsus subsidiyalar ajratiladi.
Qaror “2+6” dasturi asosida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, chet tili bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lgan yoshlar avvalgi 2 oy davomida ta’lim xarajatini o‘z hisobidan qoplaydi, keyingi 6 oylik ta’lim davri esa Yoshlar ishlari agentligi jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi.
Hujjatga ko‘ra, subsidiya miqdori hududlar kesimida farq qiladi:
– Toshkent shahrida — YAHMning 2 baravarigacha, ya’ni 824 ming so‘m;
– Viloyat markazlarida — 1,5 baravarigacha, ya’ni 618 ming so‘m;
– Tuman va shaharlarda — YAHMning 1 baravarigacha, ya’ni 412 ming so‘m miqdorida belgilandi.
Dastur 2025–2026-yillarda 20 ming nafargacha yoshni qamrab oladi. Shuningdek, 2031-yilgacha har yili yana 20 mingga yaqin yoshga til o‘rganish uchun moliyaviy yordam ajratish rejalashtirilgan. Agar yillik limit to‘lsa, stipendiya navbatdagi yil uchun ko‘chiriladi.
Subsidiyalar faqat elektron tizim orqali ro‘yxatdan o‘tgan va dars qatnashuvi elektron tarzda kuzatiladigan o‘quv markazlariga beriladi. Bu, o‘z navbatida, ta’lim jarayonining shaffofligini ta’minlaydi va davlat mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilishga yordam beradi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbus yoshlarning chet tillarini o‘rganishga qiziqishini oshirish, ularni zamonaviy bozorda raqobatbardosh mutaxassislarga aylantirish hamda xorijiy ta’lim va mehnat imkoniyatlariga yo‘l ochishni maqsad qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!