Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda ishtirok etdi. Unda prezident strategik sheriklikni mustahkamlash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va mintaqaviy barqarorlikni birgalikda ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan:
- birgalikda qabul qilingan qaror va loyihalar ijrosini tezlashtirish uchun hukumat rahbarlari o‘rinbosarlari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash ta’sis etishni taklif qildi;
– tovar ayrboshlashni ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonlarini yengillashtirish maqsadida “Markaziy Osiyo – Rossiya agroekspressi” loyihasini ishga tushirishni taklif qildi;
– avtomobil, temir yo‘l va aviatsiya aloqalari sohasida milliy dasturlarni uyg‘unlantirish uchun mamlakatlarimiz Transport-logistika konturini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi;
– Buxoro shahrida ilg‘or muhandislik yechimlarini ishlab chiqish va joriy etishga qaratilgan “Markaziy Osiyo – Rossiya" sanoat injiniring xabini tashkil etishni taklif etdi;
– Toshkentda o‘tkaziladigan “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmali forumiga mintaqaning asosiy sanoat va innovatsiya maydoni maqomini berish taklifi bilan chiqdi;
– atom energetikasi yo‘nalishida Mintaqaviy kompetensiyalar markazini O‘zbekistonda tashkil etish, shuningdek, Moskva davlat muhandislik-fizika institutining Toshkent filiali negizida Kadrlar tayyorlash dasturini qabul qilish tashabbusini bildirdi;
– “Markaziy Osiyo va Rossiya energetik sherikligi” kompleks dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uglevodorodlarni qidirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish tashabbusini ilgari surdi;
– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha Mintaqaviy ekspert kengashini tashkil etish, shuningdek, mamlakatlarda “Skolkovo” innovatsiya markazi filiallarini ochishni taklif etdi;
– “Kelajak muhandislari” konsorsiumini tuzib, Markaziy Osiyo va Rossiyaning yetakchi oliygohlari va ilmiy markazlari salohiyatini birlashtirish hamda yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun Maxsus grantlar dasturini ta’sis etish g‘oyasini ilgari surdi;
– har yili o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo va Rossiya xalqlari madaniyati, san’ati va ijodiyoti festivali — Etnomadaniyat forumini tashkil etish taklifini bildirdi;
– terrorizm, ekstremizm, kibertahdidlar va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikda choralar ko‘rish muhimligini qayd etdi hamda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi maslahatlashuvlar o‘tkazishni taklif qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!