date

Ertadan mamlakat bo‘ylab umumxalq tozalik oyligi boshlanadi

Ertadan mamlakat bo‘ylab umumxalq tozalik oyligi boshlanadi

Prezidentning topshirig‘iga muvofiq, 15-oktyabrdan boshlab butun O‘zbekiston hududida umumrespublika tozalik va obodonlashtirish oyligi boshlanadi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oy davomida mamlakatning barcha hududlarida — mahalla va qishloqlardan tortib shahar markazlarigacha — tozalik, hududlarni obod qilish va ekotartibni ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.

Tozalik oyligida kimlar ishtirok etadi

Tashkilotchilarning aytishicha, aksiyada davlat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, yoshlar va volontyorlar keng miqyosda qatnashadi. Maktab va bog‘chalar, ko‘chalar, aholi turar joylari, bog‘ va dam olish hududlarida ommaviy hasharlar tashkil etiladi.

Shu bilan birga, yosh eko-faollar va volontyorlar ishtirokida maxsus “plogging” tadbirlari — ya’ni yugurish bilan birga chiqindilarni yig‘ish aksiyalari o‘tkaziladi. Ekologiya vazirligi rahbariyati, mahalliy hokimiyatlar va tashkilotlar rahbarlari ham shaxsan ishtirok etib, shaxsiy namuna ko‘rsatishlari kutilmoqda.

Ekologik nazorat kuchaytiriladi

Oy doirasida Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi va Ekologiya vazirligi hamkorligida maxsus shtablar tashkil etiladi. Ular har bir viloyat, tuman va shaharda ekologik nazoratni kuchaytiradi, jamoatchilikka har kunlik axborot berib boradi.

Bundan tashqari, tozalik oyligi davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reydlar tashkil etiladi. Ekologiya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda respublikaning barcha hududlariga o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat yanada kuchaytiriladi.

Maqsad — tozalikni odatga aylantirish

Ekologlar fikricha, bu tashabbus nafaqat atrof muhitni tozalashga, balki aholida ekologik madaniyatni shakllantirishga ham xizmat qiladi. “Tozalikni bir kunlik emas, har kunlik odatga aylantirish – asosiy maqsadimiz”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ertadan mamlakat bo‘ylab umumxalq tozalik oyligi boshlanadi