Bugun, 15-oktyabr kuni olimlar Quyoshda so‘nggi oylarda kuzatilgan eng kuchli chaqnashlardan birini qayd etdi. Rossiya Fanlar akademiyasi yaqinidagi Kosmik tadqiqotlar instituti huzuridagi Quyosh astronomiyasi laboratoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, yaqin soatlarda bundan ham kuchliroq energiya chiqishi ehtimoli mavjud.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Quyosh faolligi bugun sezilarli darajada oshgan. Bu holat kecha, 14-oktyabr kunida prognoz qilingan edi. Olimlarning fikricha, bugungi faollik darajasi oxirgi bir necha oy ichidagi eng yuqori cho‘qqiga chiqishi mumkin.
Laboratoriya ma’lumotida aytilishicha: “Grafiklar Quyosh nurlanishining uzluksiz o‘sishini ko‘rsatmoqda. U barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha sutka ichida to‘rt baravar oshdi va M darajasiga yaqinlashdi. Ya’ni, Quyosh portlashsiz ham kuchli rentgen nurlari hosil qilmoqda”.
Bu holat so‘nggi to‘rt oy ichidagi ikkinchi eng kuchli faollik sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, olimlar joriy yil yozidan beri ilk bor X darajadagi — juda kuchli chaqnash kuzatilishi mumkinligini ham ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, sentyabr oxirida olimlar so‘nggi uch oy ichidagi eng kuchli magnit bo‘ronini qayd etgan edi. Mutaxassislar ma’lum qilishicha, u darajadagi bo‘ron oxirgi marta 1-iyun kuni kuzatilgan.
Hozirda Quyosh faolligining oshishi Yerning magnit maydoniga ta’sir qilishi va yaqin kunlarda kichik masshtabda magnit bo‘ronlari yuzaga kelishi ehtimolini kuchaytirmoqda. Olimlar bu jarayonlar tabiiy siklning bir qismi ekanini ta’kidlab, sun’iy yo‘ldoshlar va aloqa tizimlari operatorlarini ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirishmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!