date

Shavkat Mirziyoyev: “Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt markazi quriladi”

Shavkat Mirziyoyev: “Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt markazi quriladi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda sun’iy intellekt sohasiga sarmoya yo‘naltirish uchun yanada jozibador muhit yaratish masalalari ham muhokama qilindi, deb yozdi president.uz.

Davlat rahbari ta’kidlaganidek, bu yo‘nalishdagi eng muhim qadamlardan biri — zamonaviy super-kompyuter klasterlari va yirik data-markazlarni ko‘paytirishdir.

Mazkur infratuzilmalarda xarajatning katta qismi — taxminan 70 foizi elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli investorlar uchun elektr tariflarini jozibador darajaga tushirish zarurati qayd etildi.

Prezident bu boradagi ishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidan boshlanishini ma’lum qildi. Endi sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million dollardan ortiq sarmoya kiritgan investorlarga qator imtiyozlar beriladi:

– elektr energiyasi narxi har kilovatt soati uchun 5 sent etib belgilanadi;

– IT-park ishtirokchilariga beriladigan barcha soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi;

– sun’iy intellekt loyihalari uchun olib kelinadigan uskunalar bojxona to‘lovidan ozod qilinadi.

«Bu tashabbus nafaqat sun’iy intellekt sohasida katta sakrashga turtki beradi, balki Qoraqalpog‘iston iqtisodiyotiga ham yangi nafas olib kiradi», — dedi davlat rahbari.

Shuningdek, yig‘ilishda mamlakatning olis hududlarini yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtalildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, keyingi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Ushbu kompaniyalar besh yil davomida yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi. Bu, o‘z navbatida, raqamli infratuzilmani butun mamlakat bo‘ylab kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida Prezident sun’iy intellektni joriy etish nafaqat texnologiya, balki iqtisodiyot va mintaqaviy taraqqiyotni yangi bosqichga ko‘taradigan strategik vazifa ekanini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: “Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt markazi quriladi”