
Xalqaro mehmonxona tarmog‘i Radisson Hotel Group va MANAR Development kompaniyasi Toshkent markazida yangi mehmonxona ochish bo‘yicha anglashuv memorandumini imzolaganini e’lon qildi. Ushbu mehmonxona Chorsu MANAR deb nomlangan ko‘p funksiyali majmuaning bir qismi bo‘ladi.
Bu majmua poytaxt uchun muhim bo‘lgan hududda, ilgari “Chorsu” mehmonxonasi joylashgan hududda qurilmoqda. Chorsu MANAR loyihasi shahar makonini keng ko‘lamli qayta qurishni o‘z ichiga oladi.
Umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan hududda mehmonxona xonalari, ofislar, turar joy apartamentlari hamda zamonaviy savdo va ko‘ngilochar klaster joylashadi. Mazkur loyihaga 100 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.
MANAR Development bosh direktori Davron Fayzimatovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya bir nechta xalqaro mehmonxona operatorlari bilan muzokaralar olib borgan. Radisson brendi xizmatlari sifati va narxi o‘rtasidagi maqbul nisbat tufayli tanlangan.
Fayzimatovning ta’kidlashicha, Radisson brendi ostidagi mehmonxona Chorsu MANAR majmuasining asosiy elementi bo‘lib, uni dunyo miqyosidagi ob’ekt sifatida yanada jozibador qiladi. U shuningdek, majmua shahar uchun yangi ramziy arxitektura ansambli bo‘lishini va yuqori darajadagi xizmatlar hamda rivojlangan infratuzilmani taklif etishini qo‘shimcha qildi.
Yangi mehmonxona majmuaning asosiy binosida 14 qavatni egallaydi. Loyihada mehmonlarga alohida kirish eshigi, ikki qavatli avtoturargoh va to‘rt yulduzli mehmonxona standartlariga mos barcha zarur infratuzilma ko‘zda tutilgan.
Radisson Hotel Group va MANAR Development o‘rtasidagi kelishuv bir nechta asosiy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilaydi. Ularga mehmonxonaning majmua tarkibiga qo‘shilishi, mehmonxona xizmatlari va boshqaruvida xalqaro standartlarni joriy etish hamda ob’ektning investitsion va turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha hamkorlik kiradi.
Radisson Hotel Group biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Devid Jenkins kompaniyaning ushbu joyga uzoq yillik qiziqishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Chorsu MANAR loyihasi o‘z ko‘lami, maqomi va salohiyati bo‘yicha kompaniya mezonlariga to‘liq mos keladi.
Jenkins, shuningdek, loyiha bo‘yicha tender doirasida MANAR Development bilan hamkorlik boshlanganini qayd etdi. Qayd etilishicha, “Chorsu” mehmonxonasi 1982 yilda qurilgan va dastlab “Moskva” deb nomlangan.
23 qavatli binosi uzoq vaqt davomida Toshkentning arxitektura timsollaridan biri bo‘lgan, biroq 2000-yillarning boshida rekonstruksiya uchun yopilgan, lekin qayta tiklash ishlari amalga oshirilmagan.
Radisson Toshkent markazida mehmonxona ochadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar