date

Samarqandda YUNESKO 80-yilligi munosabati bilan 80 ming daraxt ekiladi

Samarqandda YUNESKO 80-yilligi munosabati bilan 80 ming daraxt ekiladi

Samarqand shahrida dunyo madaniy merosining qo‘rg‘oni bo‘lgan YUNESKO tashkil etilganining 80-yilligi munosabati bilan yirik ekologik loyiha amalga oshirilmoqda. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ma’lum qilishicha, “Merosga tayanib, kelajak sari” shiori ostida 5 gektar maydonda zamonaviy yashil bog‘ barpo etilmoqda.

Loyiha doirasida jami 80 ming tup daraxt va buta ekish rejalashtirilgan bo‘lib, tadbirning ilk bosqichi 31-oktyabr kuni “Boqiy shahar” majmuasi hududida start oldi. Birinchi kunining o‘zida 1,2 gektar yerda 564 tup turli xil daraxt va butalar o‘tqazildi.

Tadbirda Buyuk Britaniyaning YUNESKOdagi elchisi Anna Nsubuga, Burkina-Faso doimiy vakili Flavien Imah Uilyam Nezien, O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, Ekologiya vazirligi rahbariyati, Samarqand viloyati hokimligi va xalqaro delegatsiya vakillari ishtirok etdi. Ular ushbu tashabbusni “ijobiy ekologik tashabbus va do‘stlik ramzi” sifatida baholashdi.

Bog‘da qayrag‘och, katalpa, eman, yapon saforasi, chinor, akatsiya, tol, xurmo va olma kabi mahalliy va dekorativ daraxt turlari ekilmoqda. Shu bilan birga, loyiha doirasida suvni tejovchi tomchilatib sug‘orish tizimi, quyosh panellari, chiqindilarni qayta ishlash uchun kompostlash joylari va ekologik materiallardan yasalgan yo‘laklar ham joriy etiladi.

Bu tashabbus nafaqat shahar ekologiyasini yaxshilash, balki Samarqandni “yashil diplomatiya markazi” sifatida namoyon etishga qaratilgan.

YUNESKO anjumani haqida

30-oktyabrdan 13-noyabrgacha Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilmoqda. Bu tadbir so‘nggi 40-yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida va Markaziy Osiyoda o‘tkazilayotgan bo‘lib, YUNESKOning 80-yillik yubileyi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

Anjumanda 190 ta davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ziyod vakil ishtirok etmoqda. Ularning orasida 70 ga yaqin yuqori darajali shaxslar ham bor. Shuningdek, 500 dan ziyod xalqaro jurnalist sammitni yoritmoqda.

Samarqandning konferensiya o‘tkaziladigan shahar sifatida tanlanishi ham bejiz emas. Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu qadimiy shahar 2001-yilda YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Samarqand asrlar davomida turli madaniyatlar, dinlar va xalqlar uchrashgan markaz bo‘lib, birlik va muloqot ramziga aylangan.

YUNESKOning 80-yilligiga bag‘ishlangan ushbu daraxt ekish aksiyasi ham ana shu qadimiy shaharning dunyoga taraqqiyot, tinchlik va tabiatga hurmat g‘oyalarini ulashishdagi yangi qadami bo‘ldi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Samarqandda YUNESKO 80-yilligi munosabati bilan 80 ming daraxt ekiladi