date

O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta tizimi isloh qilinadi

O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta tizimi isloh qilinadi
2026-yildan boshlab O‘zbekistonda yangilangan ijtimoiy sug‘urta tizimi joriy etiladi. Ushbu tizim barcha rasmiy ravishda band bo‘lgan fuqarolarni vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqalar bilan to‘liq qamrab olishni maqsad qilgan.

Mazkur takliflar 29-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan sohaga oid maxsus taqdimot chog‘ida ma’qullandi. Ushbu islohotlar natijasida to‘lovlar markazlashtirilgan holda Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.

Bu esa xususiy sektor xodimlarini to‘liq qamrab olmaslik kabi muammolarni hal qilishga qaratilgan muhim qadam sanaladi. Bugungi kunda xususiy sektor ish beruvchilari ijtimoiy to‘lovlarni qo‘shimcha moliyaviy yuk sifatida qabul qilmoqda, bu esa ishlab chiqarish tannarxini oshirib, raqobatbardoshlikni pasaytiradi.

Natijada ko‘plab rasmiy band fuqarolar qiyin hayotiy vaziyatlarda yetarli ijtimoiy himoyadan mahrum bo‘lib kelmoqda. Islohot bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

2026-yildan Ijtimoiy himoya jamg‘armasi homiladorlik va tug‘ruq bo‘yicha nafaqalarni tayinlash hamda to‘lashni boshlaydi. O‘sha yilning ikkinchi yarmida tizim kengaytiriladi va vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik uchun to‘lovlar, ya’ni «kasallik varaqasi» bo‘yicha nafaqalar ham jamg‘arma tomonidan qoplanadi.

Mazkur tashabbus davlat tomonidan xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalariga, xususan, «Ijtimoiy ta’minotning minimal me’yorlari to‘g‘risida» va «Onalikni himoya qilish to‘g‘risida»gi me’yorlarga moslashtirish strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu xalqaro standartlarga ko‘ra, kasallik va onalik bo‘yicha to‘lovlar ijtimoiy sug‘urta mexanizmlari orqali amalga oshirilishi lozim.

Islohot loyihasini taqdim etish chog‘ida rasmiylar mamlakatda qashshoqlikka qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni ta’kidlashdi. 2021-yildan buyon qashshoqlik darajasi 17 foizdan 6,8 foizgacha pasaygan.

Shu bilan birga, kam ta’minlanganlarga ajratiladigan nafaqalar ulushi 14 foizdan 6,1 foizgacha qisqargan. Yangi tizim nafaqat erishilgan natijalarni mustahkamlash, balki mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish va biznesni «soya iqtisodiyoti»dan chiqarishga qo‘shimcha turtki berishga qaratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev taklif etilgan choralarni ma’qullar ekan, tizimni shaffof va samarali qilish zarurligiga e’tibor qaratdi. Ijtimoiy sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Yangi tizimda nafaqalarni avtomatik tayinlash tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa byurokratik jarayonlarni kamaytirib, fuqarolarga o‘z vaqtida va ortiqcha murojaatlarsiz yordam olish imkoniyatini taqdim etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta tizimi isloh qilinadi