date

Qadiri ko‘chasidagi daraxtlar xavfsizligi ta’minlanmoqda

Qadiri ko‘chasidagi daraxtlar xavfsizligi ta’minlanmoqda
Toshkent shahar hokimligi Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi yashil hudud holati yuzasidan aholi tashvishlariga rasmiy javob berdi. Hokimlik matbuot xizmati ma’lum qilishicha, mazkur ko‘chada olib borilayotgan ishlar shaharliklar uchun qulay va ekologik muhit yaratishga hamda hududni kompleks obodonlashtirishga qaratilgan.

Jumladan, piyodalar yo‘laklarining tiklanishi, tuproq tekislanishi, maysazorlar barpo etilishi va sug‘orish tizimining yangilanishi rejalashtirilgan. Barcha ishlar Toshkent shahar obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan dendrolog va ekolog mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning tushuntirishicha, daraxt tanalarining pastki qismini vaqtinchalik tuproq bilan qoplash obodonlashtirish ishlari oldidan muhim texnologik bosqich hisoblanadi. Bu usul tuproqni zichlashtirish uchun zarur bo‘lib, ishlov berish jarayonining yakunlovchi bosqichiga tayyorgarlikni ta’minlaydi.

Dendrologlar ta’kidlashicha, mazkur vaqtinchalik qoplama daraxtlar uchun xavf tug‘dirmaydi. Chunki bu jarayonda ildiz tizimiga havo yetib borishi ta’minlanadi.

Mutaxassislar O‘zbekistonning quruq kontinental iqlimi sharoitida ortiqcha namlik sabab ildizlarning chirishi xavfi yo‘qligini qayd etishmoqda. Barcha qurilish va yer ishlari yakunlangach, bahor fasli boshlanishidan ilgari daraxtlar tagidagi tuproq olib tashlanib, ildizlarning to‘liq havo almashinuvi va tabiiy namlanishi agrotexnik talablarga muvofiq ta’minlanadi.

Hokimlik shuningdek, poytaxtning yashil hududlarini asrab-avaylash masalasida faol fuqarolik pozitsiyasi va e’tibor uchun aholi hamda ommaviy axborot vositalariga minnatdorlik bildirdi. Bu kabi faollik Toshkentni qulay, yashil va ochiq shahar sifatida rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qadiri ko‘chasidagi daraxtlar xavfsizligi ta’minlanmoqda