
Prezident farmoyishiga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab davlat idoralarini to‘liq raqamlashtirish va faoliyati samarasini oshirishga yo‘naltirilgan “Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi hayotga tatbiq etiladi. Dasturning asosiy maqsadi — davlat xizmatlarini soddalashtirish, ortiqcha rasmiyatchilarni qisqartirish va korrupsiya xavfini minimallashtirish orqali "qog‘ozbozlikdan emas, natijadan manfaatdor bo‘lgan" zamonaviy, ochiq va insonparvar tizimni shakllantirishdir.
Asosiy maqsad: Aholi va biznes manfaati
Farmoyish bilan Dasturning bir qator muhim vazifalari belgilab qo‘yildi. Ular orasida: aholining turmush sifatini davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali tubdan yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jalb qiluvchanligini oshirish bor. Shuningdek, raqamli boshqaruv sohasida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish, ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni yo‘q qilish ham asosiy maqsadlar hisoblanadi.
Zero Bureaucracy va Maxsus Markaz
Dastur ijrosini muvofiqlashtirish uchun Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida Maxsus loyiha markazi tuziladi. Bu markaz xalqaro hamkorlar bilan Dasturni amalga oshirish, “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va yillik natijalar bo‘yicha Prezidentga axborot taqdim etishga mas’ul bo‘ladi. Butun jarayon, jumladan, byurokratiyani qisqartirishga oid takliflarni ko‘rib chiqish va samaradorlikni baholash Zero Bureaucracy nomli raqamli platforma orqali amalga oshiriladi.
Qattiq nazorat va shaxsiy javobgarlik
Farmoyishda chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish uchun davlat tashkilotlarining birinchi rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklatildi. Agentlikka bir oy muddatda loyiha ofisi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va Milliy mukofot tanlovini o‘tkazish reglamentini ishlab chiqish vazifasi berildi. Dastur ijrosini umumiy muvofiqlashtirish va nazorat qilish Prezidentning maslahatchisi Sardor Umrzoqovga topshirildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.