
O‘zbekiston yaqin yillarda o‘zining ilk mahalliy tezyurar poyezdlarini ishlab chiqara boshlashi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmatov ma’lum qildi.
27-noyabr kuni Toshkentda o‘tgan Transkaspiy yo‘lagi va o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha yirik forum doirasida Rahmatov jurnalistlarga temiryo‘l tarmog‘idagi strategik rejalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Rahmatovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda tayyorlanadigan yangi tezyurar poyezdlar import qilinganlariga nisbatan ancha arzon tushadi. Buning bir necha sabablari bor: mahalliy mutaxassislarning yuqori malakasi, texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyati va soliq tushumlarining mamlakat ichida qolishi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston ishlab chiqarmoqchi bo‘lgan darajadagi tezyurar poyezdlar hozircha MDHda faqat Rossiyada bor, lekin ular ham ko‘zda tutilgan zamonaviy talab darajasida emas. Mahalliy ishlab chiqarish orqali poyezdlar narxi chet eldan xarid qilishdan kamida 10–15 foiz arzon bo‘ladi.
Shuningdek, korxonalarda ish o‘rinlari yaratiladi, eksport hisobiga valyuta tushumi oshadi. Hozircha yillik quvvat sifatida 10 ta tezyurar poyezd ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.