22:23 / 28.01.2017
8 877

Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi: strategik obektlardan Ma’mun akademiyasigacha

Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi: strategik obektlardan Ma’mun akademiyasigacha

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 27 yanvar kuni Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Shavkat Mirziyoyev Xorazm Ma’mun akademiyasiga tashrif buyurdi.

Ushbu akademiya Birinchi Prezidentimizning 1997 yil 11 noyabrdagi farmoniga muvofiq qayta tashkil etilgan. 2006 yili YuNESKO shafeligida Xorazm Ma’mun akademiyasining 1000 yilligi nishonlangan.

Bugungi kunda ilmiy muassasada 41 ilmiy xodim, jumladan, 7 fan doktori, 19 fan nomzodi faoliyat yuritmoqda. Ular Xorazm davlatchilik tarixi, bu zamindan etishib chiqqan olimlarning jahon fani va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi, Xorazm me’moriy yodgorliklarini biologik, fizik va boshqa salbiy ta’sirlardan himoya qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, er-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi o‘simliklarini iqlimlashtirish, sho‘rlanish va cho‘llanishning oldini olish kabi yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

Prezidentimiz akademiyada ilmiy yo‘nalishlarni kengaytirish, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularni amaliyotga keng joriy qilish, olimlarning turmush sharoitlarini yanada yaxshilash zarurligini ta’kidladi. Akademiya tomonidan arxeologiya yo‘nalishida erishilgan muvaffaqiyatlardan foydalanib, bu ilmiy muassasani sayyohlik yo‘nalishlariga kiritish, xalqimiz tarixini chet ellik turistlarga targ‘ib qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Xiva tumanidagi “Boltaboy oqsoqol” fermer xo‘jaligida tashkil etiladigan baliqchilik kompleksi loyihasi bilan tanishdi.

Hozir mazkur xo‘jalikda 232 gektar havzada baliq etishtirilmoqda. O‘tgan yili 490 tonna baliq etkazib berilgan.

Fermer xo‘jaligida Vetnam texnologiyasi asosida baliq etishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu texnologiya uvildiriqlarni intensiv usulda etishtirish va havzalarga yuqori tig‘izlikda o‘tkazishga ixtisoslashgan. Bunday usul baliqlarning omuxta em sarfiga nisbatan rivojlanish sur’ati yuqoriligi, salbiy gidrokimyoviy holatlar va kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. Odatda bir gektarlik havzadan o‘rtacha 15-20 sentner baliq olinadi. Vetnam texnologiyasi samarasida bu ko‘rsatkich 400 sentnergacha etadi.

Ushbu istiqbolli loyihaga «Ipoteka-bank» kredit ajratgan. Korxonada yiliga 300 tonnadan ortiq mahsulot tayyorlash, 20 ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.

Davlatimiz rahbari “Xiva naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilishi rejalashtirilgan parrandachilik markazi loyihasi bilan tanishdi.

«O‘zsanoatqurilishbank» mablag‘lari yo‘naltirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 11 milliard so‘mni tashkil etadi. Korxonada Italiya va Xitoy uskunalari asosida yiliga 51 million dona tuxum, 1 million 40 ming dona jo‘ja etishtirish mo‘ljallanmoqda. Bu har bir xonadonga 100 tadan jo‘ja tarqatish, aholi farovonligini oshirish imkonini beradi. Korxonada 50 ish o‘rni yaratiladi.

Xalqimiz etti xazinaning biri deb biladigan parrandachilik va baliqchilik bo‘yicha ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi, bu tarmoqlar aholini go‘sht va tuxum bilan ta’minlash, oilalarga daromad manbai yaratishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Agrofirmalar tashkil etish orqali bu mahsulotlarni eksport qilish ham mumkin.

Prezidentimiz Xiva tumani Chodra qishlog‘ida Xursand Madrimov va Ollabergan Rahimov xonadonlariga kirib, ularning turmush sharoiti, daromadlari bilan qiziqdi. Tomorqadan samarali foydalanish, limon, yong‘oq, anor, anjir kabi serdaromad ekinlar ekish zarurligi haqida so‘z bordi.

Shavkat Mirziyoyev Yangiariq tumanida tashkil etiladigan ip-gazlama ishlab chiqarish korxonasi loyihasi bilan tanishdi. Avvalgi “Yangiariq tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati binosida ish boshlaydigan yangi korxonada yiliga qariyb 20 million kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarish, 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish, 150 ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Shu tumanda yana bir istiqbolli loyiha – zamonaviy tipdagi chorvachilik kompleksini ishga tushirish mo‘ljallanmoqda. Xalq banki krediti asosida “Tillo domor” xususiy korxonasi tomonidan tashkil etiladigan ushbu majmuada 2 ming bosh qoramol boqish, yiliga 4 ming 100 tonna sut, 200 tonna go‘sht tayyorlash rejalashtirilgan. Kompleksda 90 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan plastmassa zavodi loyihasi ham namoyish etildi. Bu erda 3,5 ming tonna polietilen va polipropilen granulalarini qayta ishlash asosida turli sig‘imli suv idishlari, shuningdek, yashik va qutilar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda.

Prezidentimiz ushbu loyihalarning rentabelligi bilan qiziqdi. Bunday korxonalarni boshqa tumanlarda ham tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Xorazmliklar dehqonchilik sohasida ham ulkan tajribaga ega. Keskin kontinental iqlim, murakkab tuproq sharoitiga qaramay, voha mirishkorlari qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil etishtirib kelmoqda. Paxta va g‘alladan tashqari guruch, qovun, uzum kabi mahsulotlarni eksportga yo‘naltirmoqda. O‘tgan yili poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bu borada ko‘plab kelishuvlarga erishildi.

Shavkat Mirziyoyev Bog‘ot tumanida 200 gektar maydonda tokzor tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. “O‘zvinosanoatxolding” xolding kompaniyasi tizimidagi “Xorazm uzumi tayyorlov savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etiladigan bog‘da yiliga 3 ming tonna uzum etishtirish, 210 kishini ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 200 gektar maydonda gurvak, kichkintoy, gulobi, zar gulobi kabi eksportbop qovun navlari ekish rejalashtirilgan.

Bog‘ot tumani Mirishkor qishlog‘idagi xonadonlarda issiqxona tashkil etib, limon, yong‘oq, pomidor, bodring kabi xaridorgir mahsulotlar etishtirish borasida olib borilayotgan ishlarga ham e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Hazorasp tumaniga tashrifi chog‘ida Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlaydigan Toshsoqa magistral kanalida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi.

Ushbu kanalda suv sathi pasayib ketgani sababli dalalarni nasos yordamida sug‘orish talab etilardi. Umumiy qiymati 145 million dollardan ortiq bo‘lgan ushbu loyiha doirasida Toshsoqa, Shovot, Polvon G‘azovot va G‘azovot kanallarining 305 kilometri rekonstruksiya qilinib, kanal tubi ko‘tariladi. 21 yangi kanal va 607 gidrotexnika inshooti quriladi. Buning natijasida 280 ga yaqin nasos olib tashlanib, yiliga 14 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejaladi.

Pudratchi va quruvchilar ishini samarali tashkil etish, qurilish va rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida sohalar va hududlarni mutanosib rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar samarasida Xorazm viloyatining sanoat salohiyati ham oshdi. Hazorasp tumanida “Damas”, “Orlando” va “Labo” avtomobillari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 12 yanvardagi «Urgut», «G‘ijduvon», «Qo‘qon» va «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni ushbu hududlardagi resurslardan samarali foydalanish imkonini bermoqda.

Bugungi kunda «Hazorasp» erkin iqtisodiy zonasi uchun er uchastkasi ajratilib, uni zarur muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasi bilan ta’minlash ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgacha ushbu hududda yengil sanoat, mashinasozlik, elektrotexnika, farmasevtika, charm-poyabzal, qurilish materiallari ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha 50 dan ortiq loyiha tayyorlangan.

Davlatimiz rahbari ushbu strategik zona qurilishida sifat va muddatga e’tibor qaratish, chet ellarda uning imkoniyatlarini targ‘ib qilish orqali xorijiy investisiya va texnologiyalarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.

Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada oshirish, yosh avlodni tarbiyalash va ish bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida bo‘lib o‘tayotgan uchrashuv va suhbatlar Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi bilan doimiy muloqot olib borishning amaliy isboti bo‘lmoqda. Bunday muloqotlar nafaqat Xorazm ahli, balki butun xalqimiz ko‘nglini ko‘tarib, ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlamoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyevning Xorazmga tashrifi: strategik obektlardan Ma’mun akademiyasigacha