
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyatiga tashrif buyuradi. Davlat rahbari sanoat korxonalari faoliyati hamda mahallalarda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi, shuningdek, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Tashrif doirasida viloyatdagi yirik va o‘rta sanoat korxonalarida ishlab chiqarish jarayonlari, qo‘shimcha qiymat yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish holati o‘rganiladi, mahallalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, infratuzilmani yangilash, ijtimoiy obyektlar barpo etish va aholi shart-sharoitini yaxshilashga qaratilgan ishlar ko‘zdan kechiriladi.
Prezident ishtirokida bo‘lib o‘tadigan xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda sanoatni diversifikatsiya qilish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yo‘l, kommunal va ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimini yanada qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar bo‘yicha tegishli topshiriq va vazifalar belgilab berilishi rejalashtirilgan.
Tashrif yakuni bo‘yicha hudud taraqqiyotiga qaratilgan yangi loyihalar va amaliy chora-tadbirlar shakllantirilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.