12 581
Shavkat Mirziyoyev mahalla institutini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deb yozmoqda Kun.uz sayti.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish maqsadida:
1. Quyidagilar mahalla institutini yanada takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish;
jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati va nufuzini yanada oshirish;
yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash;
jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda, fuqarolarda qonunga hurmat hissini kuchaytirishda mahallalarning bevosita ishtirokini kengaytirish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning hamda ular faoliyatini muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, mahalla tizimida yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash.
2. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi va fuqarolar yig‘inlarining quyidagi takliflari ma’qullansin:
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga (keyingi o‘rinlarda Respublika kengashi deb ataladi) yuridik shaxs maqomini bergan holda uni fuqarolar yig‘inlarining uyushmasi shaklida tashkil etish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarni (keyingi o‘rinlarda hududiy kengashlar deb ataladi) Respublika kengashining tarkibiy tuzilmalari sifatida tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlariga tegishincha Respublika kengashi, hududiy kengashlarga jamoatchilik asosida raislik qilish vazifasini yuklash;
Respublika kengashi va hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining (keyingi o‘rinlarda “Mahalla” fondi deb ataladi) tegishincha respublika boshqaruvi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tumanlar va shaharlar bo‘linmalariga raislik qilishlari;
Respublika kengashida tashkiliy ishlar va uslubiy masalalar bo‘yicha rais o‘rinbosari, shuningdek Respublika kengashi hamda hududiy kengashlarda yoshlar ishlari, diniy-ma’rifiy masalalar, keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosarlari lavozimlarini joriy etish;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan fuqarolar yig‘ini raisining o‘rinbosari – yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimini kiritish.
3. Quyidagilar:
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi ijro apparatining tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar ijro apparatlarining namunaviy tuzilmalari 3 va 4-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar ijro apparatlari xodimlarining cheklangan soniga nisbatan toifalangan hududlar, tumanlar va shaharlar ro‘yxatlari 5 va 6-ilovalarga muvofiq ma’qullansin.
4. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar dasturi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Kompleks chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari zimmasiga yuklansin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlari, Respublika kengashi, “Mahalla” fondi va mahallalar faollarining tarkibida mahallalar tuzilgan shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalla fuqarolar yig‘inlariga birlashtirish va bo‘lish yo‘li bilan qayta tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
6. Belgilab qo‘yilsinki:
“Mahalla” fondi va fuqarolar yig‘inlarining taklifiga binoan Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlari “Mahalla” fondining tegishincha respublika boshqaruvi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tumanlar va shaharlar bo‘linmalari, shuningdek shaharcha, qishloq va ovul fuqarolar yig‘inlarining qayta tashkil etilishi munosabati bilan bo‘shaydigan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi;
Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlarining shtatdagi xodimlarini ta’minlash va moddiy rag‘batlantirish “Mahalla” fondi hisobidan amalga oshiriladi, ushbu maqsadlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning etmagan qismi esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilarining mehnatini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi 1997 yil 13 maydagi PF-1778-sonli Farmonining mehnat haqi bo‘yicha Yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq rag‘batlantirish koeffisienti sifatida maoshlarga 20 foizli ustama haq o‘rnatilishini nazarda tutadigan 1-bandining amal qilishi Respublika kengashi, hududiy kengashlar ijro apparatlari xodimlariga nisbatan qo‘llaniladi;
Respublika kengashi, hududiy kengashlar raislarining birinchi o‘rinbosarlari va o‘rinbosarlari lavozimlarida ishlovchi pensionerlarga pensiyalarni to‘la miqdorda to‘lash, bunda pensiyalarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi hisobidan qoplash tartibi joriy etiladi;
Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari maqomi, maishiy ta’minoti, tibbiy va transport xizmatidan foydalanish borasidagi shart-sharoitlariga ko‘ra – vazirga, Respublika kengashi raisining o‘rinbosari – vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi.
7. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga tegishli vazifalarni amalga oshirishda munosib hissa qo‘shgan tashabbuskor fuqarolar va jamoatchilik tuzilmalari vakillariga taqdim etiladigan “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Respublika kengashi, “Mahalla” fondi:
2018 yilning 1 dekabrigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar markazlarida “Mahalla markazi” majmualari binolarini, 2021 yilning 1 dekabrigacha fuqarolar yig‘inlari idoralari binolarini namunaviy loyihalar va ularga qo‘yilgan talablar asosida qurish (rekonstruksiya qilish, ta’mirlash), shuningdek ularni zarur mebel jamlanmasi, kompyuter texnikasi, aloqa vositalari va internet tarmoqlari bilan jihozlash;
“Mahalla markazi” majmualarida hududiy kengashlar hamda “Mahalla” fondining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari, tumanlar va shaharlar bo‘linmalarini joylashtirish choralarini ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi “Mahalla” fondi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.S.Ismoilov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi O.B.Murodov zimmasiga yuklansin. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi