Yaponiyadagi yangi bogʻga Samarqand nomi beriladi

Nara shahridagi yangi bog'lardan biriga ikki mamlakat va xalqlar do'stligi ramzi sifatida Samarqand nomi beriladi. Bu qarorni Nara meri Gen Nakagava O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvda e'lon qildi. Uchrashuvda Samarqand va Nara o'rtasidagi birodarlik munosabatlari, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, transport va shaharsozlik sohalaridagi hamkorlik muhokama qilindi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga rasmiy tashrifi doirasida Nara shahri meri Gen Nakagavani qabul qildi. Uchrashuvda hududlararo aloqalarni rivojlantirish va madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Samarqand va Nara shaharlari oʻrtasida birodarlik munosabatlari oʻrnatilganligi yuqori baholandi. Tarixiy aloqalar asosida Samarqand koʻp asrlar davomida Buyuk ipak yoʻlining markazi, Nara esa uning sharqiy darvozasi boʻlgan. Ushbu shaharlar xalqaro savdo va bilim almashinuvini rivojlantirishda muhim rol oʻynagan.
Gen Nakagava ikki mamlakat va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik ramzi sifatida Nara shahridagi yangi bogʻlardan biriga Samarqand nomini berishga qaror qilganini eʼlon qildi. Shu bilan birga, ikki birodar shahar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish, turizm, qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, transport va shaharsozlik sohalarida hamkorlik loyihalarini amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezident Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifi davomida Tokio shahrida Yaponiya imperatori Naruxito, parlament vakillari va iqtisodiyot vaziri bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Shu bilan birga, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.






























Izohlar 0
…