Qachondan eko-stiker tizimida jarima qo‘llash boshlanishi ma’lum bo‘ldi

Qachondan eko-stiker tizimida jarima qo‘llash boshlanishi ma’lum bo‘ldi
Qisqacha

Eko-stiker talablariga rioya qilinmagani uchun jarimalar 2026 yil 1 yanvardan emas, kamida ikki yildan keyin qo'llanila boshlaydi. 2026 yil 1 yanvardan O'zbekistonda yashil, sariq va qizil rangli eko-stikerlarni nazarda tutuvchi “Ekologik transport” tizimi rasman ishga tushadi. Sariq yoki qizil stiker olgan haydovchilar diagnostik markazlarda texnik ko'rikdan o'tib, talablarga javob bersa, stiker rangini o'zgartirishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yil 1 yanvardan boshlab “ekologik hudud”larga kiruvchi qizil va sariq toifadagi avtomobillar jarimaga tortiladi, degan xabarlar tarqaldi. Biroq ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘liq mos kelmaydi.

Aslida, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda eko-stiker, ya’ni “Ekologik transport” tizimi rasman ishga tushadi. Lekin tizim talablariga rioya etilmagan holatlar uchun jarima choralari darhol qo‘llanilmaydi. Jarimalarni joriy etish kamida ikki yildan keyin boshlanishi belgilangan.

Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshev ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, eko-stikerlar uch xil rangda — yashil, sariq va qizil bo‘ladi. Dastlab sariq yoki qizil stiker olgan haydovchilarga uning rangini o‘zgartirish imkoniyati beriladi.

Aytilishicha, mamlakatning barcha hududlarida diagnostik markazlar faoliyat yuritmoqda. Sariq yoki qizil eko-stikerga ega transport vositalari shu markazlarda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, belgilangan talablarga javob bersa, stiker rangini o‘zgartirish huquqiga ega bo‘ladi. Masalan, qizil stikerli avtomashina toza hududga kirishga harakat qilganda, bu haqda haydovchiga oldindan ogohlantirish yuboriladi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, transport vositalariga oid barcha ma’lumotlar Yo‘l harakati xavfsizligi tizimida elektron tarzda yuritiladi. Markaziy shaharlarning ko‘p qismida kameralar va kuzatuv vositalari o‘rnatilgan bo‘lib, yagona elektron platforma orqali nazorat amalga oshiriladi.

Eng muhimi, eko-stiker rangi hudud talablariga mos kelmagan holatlar uchun jarima qo‘llash 2026 yil 1 yanvardan emas, balki ikki yil o‘tgach joriy etiladi. Shu bois, hozircha haydovchilar uchun bu tizim ko‘proq moslashish va tayyorgarlik davri sifatida xizmat qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar