
Toshkent shahri va Jizzax viloyatida ichimlik suvi tariflari yaqin kunlarda qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunga may oyida elektr energiyasi narxi oshgani asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Hozircha yangi tariflar tasdiqlanmagani bois “Uzsuvta’minot” tizimidagi korxonalar 128 milliard so‘m zarar ko‘rgan. Mutasaddilar amaldagi tushumlar suv yetkazib berish bo‘yicha real xarajatlarni qoplamay qolganini ta’kidlamoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda xarajatlarning eng katta qismi xodimlar ish haqi (30%) hamda quvvatli nasoslar ishlashi uchun elektr energiyasi to‘loviga (19%) to‘g‘ri keladi. Shuningdek, 15% uskunalar amortizatsiyasiga, 9% esa tizimni modernizatsiya qilish uchun olingan xalqaro kreditlarni so‘ndirishga yo‘naltiriladi. Qolgan mablag‘lar soliqlar, quvurlarni ta’mirlash va suvni tozalash reagentlarini xarid qilishga sarflanadi.
Eslatib o‘tamiz, Energetika vaziri Jurabek Mirzamaxmudov Oliy Majlis Qonunchilik palatasida chiqish qilib, bu yil gidroelektr stansiyalarda elektr ishlab chiqarish sezilarli kamayganini bildirgan. Uning aytishicha, bunga o‘tgan yilga nisbatan suv oqimi 35%ga qisqargani sabab bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.