
2025 yil 27 dekabr kuni mahalliy temiryo‘l qatnovlarini rivojlantirishga qaratilgan muhim qaror qabul qilindi. Hujjatga muvofiq, 2030 yilga qadar ichki temiryo‘l yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish hajmini sezilarli darajada oshirish, elektropoyezdlar harakati qamrovini kengaytirish hamda xizmat sifatiga yangi standartlar joriy etish rejalashtirilmoqda.
Qarorda belgilangan asosiy maqsad — mahalliy yo‘nalishlarda yillik yo‘lovchilar sonini hozirgi 10,5 million nafardan 23,5 million nafargacha yetkazishdir. Shu bilan birga, elektropoyezdlar qatnovi amalga oshirilayotgan yo‘nalishlar soni 40 tadan 53 tagacha ko‘paytirilishi ko‘zda tutilgan.
Ustuvor vazifalar qatorida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Angren–Pop hamda Toshguzar–Boysun–Qumqo‘rg‘on temiryo‘l uchastkalarini chuqur modernizatsiya qilish alohida qayd etilgan. Mazkur ishlar yakunlangach, 2030 yilgacha Farg‘ona vodiysi viloyatlari — Andijon, Namangan va Farg‘ona, shuningdek, Surxondaryo viloyatiga tezyurar elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Qarorda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ham aniq rejalar belgilangan. Jumladan, elektrlashtirish ishlari to‘liq yakunlangan, uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro–Xiva” temiryo‘l yo‘nalishi orqali 2026 yildan boshlab Toshkent–Urganch–Xiva qatnovida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar ishga tushiriladi.
Shuningdek, uzunligi 196 kilometrni tashkil etuvchi “Miskin–Nukus” temiryo‘l yo‘nalishini elektrlashtirish ishlarini 2026 yil oxirigacha tugatish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlarda ham zamonaviy, yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu qaror mahalliy aholi uchun qulay va tezkor transport imkoniyatlarini yaratish, hududlar o‘rtasidagi aloqani mustahkamlash hamda ichki turizm rivojiga yangi turtki berishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.