date

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi

30 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududiga borib, yirik infratuzilma obyektlari hamda yangi ma’muriy binolarda olib borilayotgan qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Tashrif avvalida 40 ming kvadrat metr maydonni qamrab olgan yerosti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘li qurilishi bilan tanishildi. Qiymati 100 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida birinchi bosqichda 200 ta avtomobil, shuningdek motosikl va skuterlar uchun joy ajratilishi ko‘zda tutilgan. Majmua 2026 yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan: u to‘liq avtomatlashtiriladi, elektromobillar uchun quvvatlash shoxobchalari va velosiped ijarasi nuqtalari tashkil etiladi.

Davlat rahbari poytaxtda elektromobillar soni oshib borayotganini inobatga olib, quvvatlash stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish va bunday turargohlarni aholi uchun imkon qadar qulay hamda hamyonbop qilish zarurligini ta’kidladi.

Yangi Toshkentda davlat idoralari uchun binolar ham qad rostlamoqda. Shulardan biri — Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi uchun barpo etilgan modul tipidagi yangi ofis. Yengil konstruksiyalardan bunyod etilgan zamonaviy majmua markaziy apparat va tizimdagi tashkilotlarni bir joyga jamlab, ish jarayonlarini soddalashtirgani aytildi. Hozir bu yerda 550 nafar mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Shu binoda AKTni rivojlantirish respublika markazi ham joylashgan. Markaz mutaxassislari Prezidentga “Shaffof qurilish” raqamli ekotizimi imkoniyatlarini taqdim etdi. Xususan, geoinformatsion tizimlar yordamida shaharlarning “raqamli egizaklari” yaratilgani, 3D modellar orqali hududlarni chuqur tahlil qilish, renovatsiyani rejalash va bo‘lajak mavzelar ko‘rinishini ishlar boshlanmasidan oldin baholash mumkinligi qayd etildi.

Shuningdek, bosh rejalarni muhokama qilish va qurilishga ruxsat berish jarayonlari to‘liq onlayn yo‘lga qo‘yilgani, geoportalda 20 ta shahar hamda 800 dan ortiq aholi punkti bo‘yicha raqamli xaritalar mavjudligi bildirildi. Davlat xaridlari yo‘nalishida “Reyting” va “Tender” platformalari pudratchilar ishonchliligini avtomatik baholab, inson omilini kamaytirayotgani, qurilish sifati bo‘yicha raqamli nazorat, uy-joy ekspluatatsiyasini monitoring qilish hamda issiqlik ta’minoti hisob-kitoblarida shaffof billing tizimlari joriy etilgani aytildi.

Tashrif yakunida Shavkat Mirziyoyev yosh muhandislar va IT mutaxassislari bilan suhbatlashdi. Prezident qurilish sohasida kechagi bilimlar bilan katta natijaga erishib bo‘lmasligini, doimiy o‘qish, aniq fanlar va ayniqsa axborot texnologiyalarini chuqur o‘zlashtirish muhimligini ta’kidladi.

Safar yakunlari bo‘yicha mas’ullarga qurilish tarmog‘ini raqamlashtirishni izchil davom ettirish, jarayonlarni fuqarolar uchun yanada ochiq va tushunarli qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi