
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida mahalliy xomashyo imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish hamda ilg‘or texnologiyalarga tayanadigan sanoatni jadal rivojlantirish asosiy ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Hujjatda iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish bilan bir qatorda, yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini 1 million donaga yetkazish maqsadi ham ochiq belgilab qo‘yilgan.
Strategiyaga muvofiq, 2030 yilgacha ishlab chiqarish zanjirlarini chuqurlashtirish, sanoatda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu jarayonda avtosanoat mamlakat iqtisodiyotidagi drayver tarmoqlardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Loyihada sanoat sohasida texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2023 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshirish vazifasi qo‘yilgan. Yengil avtomobillar ishlab chiqarishni keskin ko‘paytirish rejasi ham aynan shu maqsadlar — mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shimcha qiymatni mamlakat ichida shakllantirish bilan uyg‘un tarzda belgilangan.
Shu bilan birga, yuqori daromad keltiruvchi tarmoqlar uchun resurs bazasini mustahkamlash ham rejalar markazida turibdi. Xususan, 2030 yilga qadar mis ishlab chiqarishni 2,5 barobar, oltinni 1,5 barobar, kumush va uranni esa 3 barobarga oshirish ko‘zda tutilgan. Elektrotexnika sanoatida misni qayta ishlash hajmini 300 ming tonnagacha yetkazish maqsadi ham belgilangan.
Ushbu rejalar sanoat tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini kengaytirish, texnologiyalar transferi va kooperatsiyani tezlashtirishga xizmat qiladi. Natijada sanoatning barqaror o‘sishini ta’minlaydigan mustahkam qiymat zanjirlari shakllantirilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.