date

O‘zbekistonda: profilaktika orqali aholi salomatligi mustahkamlanadi

O‘zbekistonda: profilaktika orqali aholi salomatligi mustahkamlanadi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida aholi salomatligini yaxshilashda profilaktikaga ustuvor yo‘nalish sifatida yondashilmoqda. Hujjatda ayniqsa 40 yosh va undan katta aholi qatlami orasida keng tarqalgan yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni erta bosqichda aniqlashga qaratilgan aniq maqsad va ko‘rsatkichlar belgilab berilgan.

Strategiyaga muvofiq, qandli diabet va arterial gipertoniyani barvaqt aniqlash ishlari sezilarli darajada kuchaytiriladi. Jumladan, 40 yoshdan oshgan fuqarolar orasida qandli diabetni erta aniqlash darajasini 70 foizga, shuningdek, qon bosimi yuqoriligini barvaqt aniqlash ko‘rsatkichini ham 70 foizgacha yetkazish maqsad qilingan. Bu esa kasalliklarning og‘ir asoratlarini kamaytirish, davolash natijadorligini oshirish va erta o‘lim xavfini pasaytirishga xizmat qiladi.

Loyihada qon xizmati tizimini rivojlantirish ham muhim vazifa sifatida belgilangan. Tayyorlanadigan qon hajmini 450 ming litrga yetkazish rejalashtirilib, bu shoshilinch tibbiy yordam, jarrohlik amaliyotlari va turli kasalliklarni davolashda qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyojni barqaror ta’minlash imkonini beradi.

Sog‘lom keksalikni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham alohida e’tibor markazida. Strategiya doirasida 55 yosh va undan katta aholining kamida 90 foizini har yili muntazam profilaktik tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 40 yoshdan oshgan aholi orasida jismoniy faollik darajasini 50 foizgacha oshirish maqsad qilingan bo‘lib, bu ko‘rsatkichlar har besh yilda maxsus tadqiqotlar orqali baholanib boriladi.

Ushbu chora-tadbirlar aholi o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va mamlakatda umumiy salomatlik ko‘rsatkichlarini bosqichma-bosqich yaxshilashga qaratilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda: profilaktika orqali aholi salomatligi mustahkamlanadi