
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida havo transporti yo‘nalishini keskin jonlantirishga qaratilgan aniq maqsadlar belgilandi. Asosiy g‘oya bitta: aviatsiyada raqobatni kuchaytirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish va yo‘lovchiga qulaylikni oshirish.
Loyihada mamlakatda xususiy aviakompaniyalar sonini 15 taga yetkazish rejasi qayd etilgan. Bu orqali havo qatnovlari bozorida tanlov ko‘payishi, xizmat sifati va raqobat kuchayishi kutilmoqda.
Yana bir yirik maqsad — umumiy aviaqatnovlar sonini 200 mingtagacha oshirish. Shuning ichida respublika hududlari o‘rtasidagi reyslar 41 mingtaga yetkazilishi, Toshkent bilan bog‘lanmagan hududiy aviaqatnovlar esa 1 560 tagacha ko‘paytirilishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni, “hamma yo‘l Toshkentga olib boradi” degan sxema asta-sekin o‘zgaradi, degan gap.
Infratuzilma bo‘yicha ham katta rejalar bor: 5 ta yirik aeroportni davlat-xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqaruvga berish, aviaparkdagi havo kemalari sonini 180 taga yetkazish rejalashtirilgan. Yo‘lovchilar statistikasi ham ambitsioz: havo transporti xizmatlaridan foydalanganlar sonini 24 million nafargacha oshirish maqsad qilingan.
Qisqasi, strategiya loyihasi aviatsiyada xususiy sektor ulushini ko‘paytirish, aeroportlarni modernizatsiya qilish va reyslar sonini kengaytirish orqali sohani boshqacha sur’atga olib chiqishni ko‘zlayapti. Agar rejalar qog‘ozda qolmay, amalda ishlasa — yo‘lovchi uchun tanlov ko‘payadi, narxlar ham “o‘ylab” qolishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.