O'zbekistonda DXX va IIV bir nechta hududlarda ogʻir jinoyatlarning oldini oldi

Oʻzbekiston Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi mamlakat boʼylab ogʻir hamda oʼta ogʻir jinoyatlarning oldini olish, qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʼlamli tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlarni davom ettirmoqda. Bu haqda uzdaily.uz xabar beradi.
Andijon viloyatida Andijon shahri hamda Oltinkoʻl tumanida yashovchi, 1995, 1998 va 2002-yillarda tugʻilgan uch nafar shaxs qoʻlga olindi. Tergovga koʼra, ular oʼzini huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirib, 2004-yilda tugʻilgan, Andijon tumanida istiqomat qiluvchi va kriptoaktivlar bilan shugʻullangan fuqaroni zoʼrlik bilan avtomashinaga oʼtqazgan. Soʻngra tovlamachilik yoʻli bilan undan 100 ming AQSH dollari miqdoridagi raqamli aktivlarni olib, evaziga 160 ming soxta AQSH dollari bergan. Tezkor tadbirlar natijasida gumonlanuvchilar ushlandi, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi «a» bandi va 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Surxondaryo viloyatida ham ogʻir jinoyat holati aniqlandi. Avval sudlangan, Denov shahrida yashovchi 1993-yilda tugʻilgan shaxs Tojikiston Respublikasi fuqarosini (1993-yilda tugʻilgan, Dushanbe shahrida yashovchi) noqonuniy ushlab turgani aytilmoqda. Maʼlumotlarga koʻra, gumonlanuvchi Dushanbeda yashovchi 1988-yilda tugʻilgan tanishiga 11 ming AQSH dollari bergan va uning hamkorini Denovda “garov” sifatida qoldirgan. Pul belgilangan muddatda qaytarilmagach, chet el fuqarosi garovga olingan, qiynoqqa solingan va ogʻir tan jarohati olgan. Gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllandi.
Xorazm viloyatida “koʻcha janjallari” bahonasida zoʻravonlik va oʻzboshimchalik bilan shugʻullanib kelgan guruh faoliyatiga chek qoʻyildi. Urganch shahri, Xiva shahri va Bogʻot tumanida yashovchi 1991, 1996 va 1997-yillarda tugʻilgan uch nafar shaxs nazoratidagi hududlarda muntazam ravishda qonunbuzarlik sodir etgani qayd etildi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, barchasi qamoqqa olindi.
Viloyatning Yangiariq tumanida oʼtkazilgan tezkor tadbirda 1965-yilda tugʻilgan fuqaro oʼz uyida qimor oʻyinlarini tashkil qilgani aniqlandi. Besh nafar ishtirokchidan 32 mln soʻm pul mablagʻi va oʻyin kartalari ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi. Holat boʼyicha barcha aloqador shaxslar qonun doirasida javobgarlikka tortilishi bildirilgan.
Narkojinoyatlarga qarshi kurash doirasida Andijon viloyatining Jalakuduk tumanida avval sudlangan, 1950-yilda tugʻilgan shaxs ushlandi. U uyida keyinchalik sotish maqsadida 20 kg 400 g marixuana saqlagani aytilmoqda. Giyohvand modda musodara qilinib, jinoyat ishi doirasida dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar jinoyatchilikning har qanday koʼrinishiga nisbatan bundan buyon ham qatʼiy va murosasiz choralar koʼrilishini maʼlum qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!