Andijon shahar hokimi kaltaklangani haqidagi mish-mishlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahar hokimi Elyorbek Karimov hamda uning yordamchisi noma'lum shaxslar tomonidan kaltaklangani haqida turli xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan shahar hokimining o‘zi rasmiy munosabat bildirdi.
Elyorbek Karimov tarqatilgan ma’lumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hech qanday janjal yoki zo‘ravonlik holati bo‘lmagan.
— «Soppa-sog‘man, bunday holat umuman kuzatilmadi. Bu gap qayerdan chiqqanini va kimga kerak bo‘lganini tushunmayman. Ayni paytda ish jarayonlari odatdagidek davom etmoqda, o‘z faoliyatimizni to‘liq olib bormoqdamiz. Tarqatilayotgan xabarlar — yolg‘on», — dedi shahar hokimi.
Shuningdek, u ushbu holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga rasmiy ariza kiritilganini ma’lum qildi. Aytilishicha, vakolatli organlar hozirda mazkur xabarlar tarqalish holatini o‘rganmoqda va asossiz hamda yolg‘on axborot tarqatgan shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan qonun doirasida chora ko‘riladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!