Mol-mulk solig‘idan kimlar ozod etilishi ochiqlandi

Mol-mulk solig‘idan ayrim toifadagi shaxslar to‘liq yoki qisman ozod etilgan.
To‘liq ozod etilganlar qatoriga Qahramonlar va “Shuhrat” ordeni sohiblari, urush nogironlari va qatnashchilari, xizmat vaqtida halok bo‘lgan harbiylar hamda ichki ishlar organlari xodimlarining ota-onasi va bevalari kiradi. Shuningdek, qayta tiklanadigan energiya qurilmalarini o‘rnatgan shaxslarga 3 yil muddatga imtiyoz beriladi. Yetim bolalar esa davlat tomonidan berilgan uy-joy uchun 23 yoshgacha mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
Qisman imtiyoz berilgan toifalar ham bor. Xususan, ko‘p bolali oilalar, ya’ni 10 nafar va undan ortiq farzandi borlar, pensionerlar hamda I–II guruh nogironlari 60 kvadrat metrgacha bo‘lgan uy-joy qismi bo‘yicha soliqdan ozod qilinadi.
Qayd etilishicha, mazkur imtiyoz faqat bitta uy-joy obyektiga nisbatan qo‘llanadi. Buning uchun tegishli hujjatlar soliq organlariga taqdim etilishi lozim.