Bugun masjidlarda Qur’oni karimning xatmonalari bo‘lib o‘tadi

Bugun, 16 mart kuni kechqurun – butun Ramazon oyi davomida 1765 ta masjidda xushovoz qorilar tomonidan o‘qilgan Qur’oni karimning xatmonalari (yakuni) o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Idora ma’lum qilishicha, O‘zbekiston bo‘ylab xatmi Qur’onlar o‘tkazilgan masjidlarda yurtdoshlarimiz xatmonadan keyingi duolarga bir vaqtda qo‘l ochishadi.
«Ulamolar ta’kidlashicha, Qur’on xatm qilingach qilingan duo rad etilmaydi. Chunki Qur’on – Allohning kalomi bo‘lib, uni to‘liq o‘qib tugatish ulug‘ ibodat hisoblanadi. Bugun dunyo-yu oxirat saodatiga erishish uchun iltijo qilish uchun munosib vaqtdir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Qur’on xatm qilinganda ijobat bo‘ladigan duo bor». Shuning uchun jamoat bilan o‘qilgan namozlar, ayniqsa Qadr kechasida xatmi Qur’ondan keyin qilinadigan duolar, inshalloh, qabul bo‘ladi», deyiladi diniy idora xabarida.
Tarovih namozlarining boshlanish vaqti Farg‘ona vodiysi bo‘yicha 20:20dan belgilangan. Vohada va O‘zbekistonning g‘arbiy hududlarida 21:00 gacha davom etadi. Toshkent viloyati va poytaxtda tarovih namozlari 20:30 da boshlanishi belgilangan.
Bu yilgi xatmlar nafaqat ruhiy tarbiya, balki barcha yurtdoshlarimiz uchun barkamollik va saodatli umrga iltijo qilish imkoniyati hamdir.