Xitoyda elektromobil bir kechada 868 marta parkovka qilishga urindi (video)

Xitoyning Anxoy provinsiyasidagi yerosti avtoturargohida haydovchisiz qolgan elektromobil tun bo‘yi o‘zini parkovka qilishga urinib, 868 marta manyovr bajardi. Mashinaning g‘alati harakatlari qo‘riqchini ham hayratda qoldirdi.
NDTV nashrining xabar berishicha, voqea taxminan tungi soat 03:00 atrofida sodir bo‘lgan. Videokuzatuv kameralariga tushgan kadrlarda salonida hech kim bo‘lmagan avtomobil oldinga va orqaga harakatlanib, parkovka joyiga kirishga urinayotgani ko‘rinadi.
G‘alati tovushlarni eshitgan qo‘riqchi vaziyatni tekshirish uchun yaqinlashganida, mashina ichida hech kim yo‘qligini ko‘rgan. Avtomobil esa manyovrlarni takrorlashda davom etgan.
Ertasi kuni mashina egasi tizim ma’lumotlarini tekshirib, avtomatik parkovka funksiyasi bir kecha davomida 868 marta ishga tushganini aniqlagan. Oxir-oqibat, avtomobil boshqa mashina yonida to‘xtagan.
Hozircha bu holatga nima sabab bo‘lgani aniq emas. Ayrim taxminlarga ko‘ra, dasturiy ta’minotda nosozlik yuz bergan bo‘lishi mumkin. Boshqa ehtimolga ko‘ra, mashina egasi avtomatik parkovka funksiyasini mobil ilova orqali qayta-qayta ishga tushirgan bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, bu holat Xitoyda o‘tkazilgan haydovchiga yordam berish texnologiyalari bo‘yicha tanlov bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi ham aytilmoqda. Biroq ushbu taxminlarning hech biri hozircha tasdiqlanmagan. Videokadrlarning o‘zi ham mashinaning nega bunday harakat qilganini aniqlashga imkon bermaydi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…