Oliygohlarda kontrakt to‘lash muddati 10 iyungacha uzaytirildi

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarida bazaviy va tabaqalashtirilgan kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati uzaytirildi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu qaror abituriyentlar, talabalar hamda ta’lim muassasalari rahbariyatidan kelib tushgan murojaatlar asosida qabul qilingan.
Endilikda ayrim toifadagi abituriyent va talabalar 10 iyunga qadar kontrakt to‘lovini 100 foiz amalga oshirishi hamda talabalar safiga qabul qilish yoki hisobga o‘tkazish jarayonini rasmiylashtirishi mumkin. Bu imkoniyat, avvalo, mashg‘ulotlarda qatnashgan va yakuniy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan bakalavriat hamda magistratura abituriyentlariga taalluqli.
Shuningdek, o‘qishi boshqa oliygohga ko‘chirilgan yoki qayta tiklangan talabalar ham belgilangan muddatgacha to‘lovni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bu ularga o‘qishni rasmiy davom ettirish uchun qo‘shimcha vaqt va qulaylik yaratadi.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun esa kontrakt to‘lovi muddatini uzaytirish masalasi har bir oliy ta’lim muassasasi rahbari tomonidan alohida tartibda hal qilinadi. Ya’ni bunday holatlarda yakuniy qaror talabaning vaziyati va ta’lim muassasasining ichki tartibidan kelib chiqib qabul qilinadi.
Qisqasi, kontrakt to‘lovi bo‘yicha muddatning 10 iyungacha uzaytirilishi ko‘plab abituriyent va talabalar uchun muhim yengillik bo‘ldi. Bu qaror o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan yoshlarga qo‘shimcha imkoniyat beradi. Endi asosiysi — muddatni yana o‘tkazib yubormaslik, dedlayn hazilni ko‘tarmaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!