O‘zbekiston banklari qancha pulni aylantirayotgani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston bank tizimida yirik moliyaviy muassasalarning ustunligi saqlanib qolmoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 may holatida mamlakatdagi 34 ta tijorat bankining jami aktivlari 962,8 trillion so‘mga yetgan.
Tahlillarga ko‘ra, aktivlar hajmi 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 12 ta yirik bank mamlakat bank tizimida hal qiluvchi o‘rinni egallab turibdi. Ularning hissasiga umumiy aktivlarning qariyb 80 foizi yoki 767,6 trillion so‘m to‘g‘ri keladi.
Kreditlash sohasida ham asosiy yuk aynan shu banklar zimmasida. Bank tizimidagi jami 629 trillion so‘mlik kredit portfelining 521,5 trillion so‘mi, ya’ni 83 foizi yirik banklar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Ma’lum qilinishicha, kreditlar tarkibida uzoq muddatli moliyalashtirish ustunlik qilmoqda. Bugungi kunda uzoq muddatli kreditlar hajmi 552,8 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 459,6 trillion so‘mi yirik banklar tomonidan ajratilgan.
Shuningdek, banklarning kapitallashuv darajasi ham yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Tizimning umumiy kapitali 144 trillion so‘mga yetgan bo‘lsa, uning 111 trillion so‘mi eng yirik banklar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, joriy yilning 1 may holatiga bank tizimi 6,9 trillion so‘m sof foyda qayd etgan. Kapital monandligi darajasi esa 18,4 foizni tashkil etgan bo‘lib, bu moliyaviy barqarorlikning muhim ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi.
Omonatlar hajmi ham o‘sish tendensiyasini saqlab qolmoqda. Aholi depozitlari 170,2 trillion so‘mga, yuridik shaxslar mablag‘lari esa 274,2 trillion so‘mga yetgan. Mutaxassislar ta’kidlashicha, mablag‘larning asosiy qismi yirik banklarda jamlangan bo‘lsa-da, o‘rta va kichik banklarda ham depozit bazasi bosqichma-bosqich kengayib bormoqda.






























Izohlar 0
…