O‘zgidromet ogohlantirdi: qator hududlarda sel xavfi kuchaymoqda

O‘zgidromet ogohlantirdi: qator hududlarda sel xavfi kuchaymoqda

O‘zbekistonning bir qator tog‘li va tog‘ oldi hududlarida yaqin kunlarda sel-suv toshqini xavfi yuzaga kelishi mumkin. Bu haqda “O‘zgidromet” agentligi direktori Sherzod Habibullayev ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, 23–27 iyun kunlari kuzatilishi kutilgan yog‘ingarchiliklar sababli ayrim hududlarda sel oqimlari shakllanishi ehtimoli yuqori. Xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘li hamda tog‘ oldi tumanlari xavfli hududlar sifatida qayd etilgan.

Mutaxassislar ushbu hududlarda yashovchi aholi, dam oluvchilar va tog‘ yo‘llarida harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirmoqda. Ayniqsa, kuchli yomg‘irlar oqibatida soy va daryolarda suv sathi keskin ko‘tarilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Shuningdek, respublika bo‘ylab ayrim joylarda qisqa muddatli kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilishi natijasida shahar va qishloqlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, mahalliy suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli ham bor.

“O‘zgidromet” prognozlariga ko‘ra, 23 iyun kuni mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 24 iyunda esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Farg‘ona vodiysida ayrim joylarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

25–26 iyun kunlari esa respublika hududida asosan quruq ob-havo saqlanib qoladi. Shu bilan birga, havo harorati ko‘pchilik hududlarda 33–38 daraja atrofida bo‘lishi, janubiy viloyatlarda esa ayrim joylarda 41–44 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar