Yangi Sergeli 24/7 hududga aylandi: 250 ish o‘rni ochildi (foto, video)

Sergeli tumanidagi Yangi Sergeli ko‘chasi tun-u kun ishlaydigan zamonaviy savdo, xizmat ko‘rsatish va dam olish hududiga aylantirildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni bu yerda amalga oshirilgan ishlar va tadbirkorlik obyektlari faoliyati bilan tanishdi.
2,1 kilometrlik ko‘cha to‘liq yangilandi
Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘mni tashkil etdi. Yangi Sergeli ko‘chasining 2,1 kilometr qismidagi infratuzilma yaxshilanib, hudud savdo, umumiy ovqatlanish va ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatiladigan 24/7 ko‘chaga aylantirildi.

Yangi maskan aholi uchun qulay sharoit yaratish, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga qaratilgan.
Bolalar va kattalar uchun yangi maskanlar
Ko‘chada aholining dam olishi va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash uchun qator obyektlar tashkil etildi.
Jumladan:
10 dan ortiq bolalar maydonchasi;
8 ta vorkaut zonasi;
kitob do‘koni;
nuroniylar maskani barpo etildi.
Bu yerda oilalarning sayr qilishi, bolalarning xavfsiz hordiq chiqarishi va yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.

Yiliga 1,2 million mehmon kutilmoqda
Yangi Sergeli ko‘chasi atrofidagi to‘rtta mahallada 21 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mazkur ko‘chadan har kuni o‘rtacha 15–20 mingta transport vositasi harakatlanadi.
Loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgach, hudud yiliga 1,2 milliondan ortiq tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda.
250 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi
Loyiha doirasida 250 dan ortiq yangi ish o‘rni ochildi. Shuningdek, hududdagi 95 ta mavjud tadbirkorlik subyekti faoliyati kengaytirilib, yana 22 ta yangi biznes subyekti tashkil etildi.

Bu o‘zgarishlar mahalliy aholi daromadini oshirish, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish va Sergeli tumanining iqtisodiy faolligini kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Prezident mahalla aholisi bilan muloqot qildi
Shavkat Mirziyoyev mahalla bo‘ylab yurib, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obodonlashtirilgan ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Davlat rahbari mahalla faollari va fuqarolar bilan muloqot qilib, amalga oshirilgan ishlar ularning turmushi, daromadi va kayfiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani bilan qiziqdi.
Mahalla vakillari hududdagi o‘zgarishlar odamlarning turmush tarzi va farovonligiga ijobiy ta’sir qilayotganini, shuningdek, aholining ertangi kunga ishonchi ortayotganini ta’kidladi.
Sizningcha, Toshkentning boshqa tumanlarida ham shunday 24/7 ko‘chalar tashkil etilishi kerakmi?































Izohlar 0
…