Mutaxassis: O‘zbekistonda chaqaloqlar o‘limining 47 foizi birinchi oyda sodir bo‘ladi

O‘zbekistonda kelgusi besh yilda bolalar o‘limini sezilarli kamaytirish maqsad qilingan. 2025–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyada bu ko‘rsatkichni har 1000 nafar bolaga 14,3 holatdan 8 holatgacha tushirish rejalashtirilmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Abdumannop Abduqayumovning ma’lum qilishicha, bunga pediatriya yordamini yangilash, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika ishlarini kuchaytirish orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston oldida besh yil ichida bolalar o‘limi ko‘rsatkichini qariyb ikki barobar kamaytirish vazifasi turibdi. Yevropa Ittifoqi davlatlarida bu ko‘rsatkich har 1000 nafar bolaga 5 holatdan kam ekani ham taqqoslash uchun keltirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlarida 2025 yilda chaqaloqlar o‘limi qariyb 7500 holat bo‘lgani qayd etilgan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 8300 tani tashkil qilgan.
Abduqayumov chaqaloqlar o‘limining deyarli yarmi, ya’ni 47 foizi hayotning birinchi 30 kunida yuz berishini aytdi. Shu sabab tug‘ruqxonalardagi tibbiy yordam, neonatal kuzatuv va uyga chiqqandan keyingi dastlabki haftalardagi nazorat muhim ahamiyat kasb etadi.
Xavf guruhida, avvalo, muddatidan oldin tug‘ilgan bolalar, tug‘ma nuqsonlar bilan dunyoga kelgan chaqaloqlar va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda har yili 48 mingdan ziyod bola tug‘ma yoki genetik patologiyalar bilan tug‘iladi. Shu bois erta tashxis, skrining va oilalar bilan profilaktik ishlarni kengaytirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.































Izohlar 0
…