Saida Mirziyoyeva Toshkentning dizayn-kodini keskin tanqid qildi

Saida Mirziyoyeva Toshkentning dizayn-kodini keskin tanqid qildi
Qisqacha

Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida dizayn-kod talablarining amalga oshirilishini keskin tanqid qildi. U 30 iyul kuni Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga tashrifi chog‘ida shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga mavjud ahvol sharmanda ekanini bildirib o‘tdi. Shuningdek, u Baxtiyor Rahmonovga bu masalalarni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga yetkazishni topshirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Toshkent shahrida dizayn-kod talablarining amalga oshirilishi yuzasidan keskin tanqidiy fikr bildirdi. Bu haqda u 30 iyul kuni poytaxtning Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasiga amalga oshirgan tashrifi davomida so‘z yuritdi.

Tashrif chog‘ida mahallada noqonuniy qurilish ishlari, bolalar maydonchasining buzilishi hamda daraxtlarning kesib tashlangani bo‘yicha murojaatlar o‘rganildi. Shu jarayonda Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovga murojaat qilgan Saida Mirziyoyeva shahar tashqi qiyofasi bilan bog‘liq holatni qattiq tanqid qildi.

«Archa bayram qilib yubormanglar. Shaharning dizayn-kodi muhim masala. Men ko‘rib turibman dizayn-kodingizni, sharmanda hamma joy», — dedi u.

Shuningdek, mahallani tark etayotganda Baxtiyor Rahmonovga dizayn-kod va boshqa masalalarni Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovga yetkazishni topshirib, «Sharmanda qilmasin», deya ta’kidladi.

Eslatib o‘tish joiz, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 2026 yil 17 fevraldagi qarori bilan poytaxtning dizayn-kod qoidalari rasman tasdiqlangan edi. Hujjat shahar ko‘chalari va binolarini tartibsiz reklama bannerlari, e’lonlar hamda tashqi qiyofaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi vizual elementlardan xoli qilish, shuningdek, yagona arxitektura uslubini shakllantirishni maqsad qilgan.

Biroq mazkur qoidalar qabul qilingach, tadbirkorlar tomonidan bir qator e’tirozlar ham bildirildi. Xususan, peshlavha va reklamalarda korporativ ranglar o‘rniga neytral yoki past to‘yingan ranglardan foydalanish talabi ko‘plab brendlar manfaatlariga zid ekani qayd etildi.

Shu bilan birga, qarorda qaysi rang yoki dizayn shahar qiyofasiga mos yoki nomos ekanini belgilaydigan aniq texnik mezonlar keltirilmagani ham muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tadbirkorlarga dizayn-kod talablariga moslashish uchun uch oylik muddat ajratilgani, ayniqsa, bir nechta filialga ega kompaniyalar uchun katta qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqarishi ta’kidlangan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar