06:30 / 07.10.2017
7 112

Qudratxo‘jayev: O‘zbekiston “Yo‘q!” dedi

Qudratxo‘jayev: O‘zbekiston “Yo‘q!” dedi
2017 yil 4 oktyabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 12-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari senatorlar tomonidan jiddiy muhokama qilindi. KUN.UZ muxbirining qayd etishicha, shu masaladagi munozaralar kun tartibiga kiritilgan masalalar ichida eng ko‘p davom etgan.

Ayni masala yuzasidan Xalqaro Press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev ham Senat majlisida o‘z fikrlarini bildirdi. Keyinroq, u Facebook blogida bu haqda batafsil fikrlarini qoldirdi.

“Bugungi kunni tarixiy, tub burilish kuni deyish mumkin. Senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, vazirlar, hokimlar, NNT vakillari, Xalqaro Mehnat tashkiloti va Jahon banki vakillari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro mehnat standatlariga muvofiq, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha choralarni kuchaytirish masalasi muhokama qilindi”, - deb yozadi Qudratxo‘jayev.

Uning qayd etishicha, shunday muhim masala yangi O‘zbekiston tarixida ilk marotaba parlamentda ko‘rib chiqilmoqda. Senatning ushbu tashabbusi O‘zbekistonda fuqarolarning mehnat huquqlarini kafolatlashni yanada mustahkamlash dolzarb masalaga aylanganidan kelib chiqdi.

“Bu nimani anglatadi? - deya savol bilaan murojaat qiladi Sh.Qudratxo‘jayev. – Bu majburiy mehnat ehtimollari juda ham kamaytirilganini bildiradi. Endilikda, oliy qonun chiqaruvchi organ darajasida qaror qabul qilinganidan so‘ng, majburiy va bolalar mehnatiga butunlay yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu O‘zbekistonda yangi davr: qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash davri, ko‘p mehnat talab qilinadigan sohalarda AKTni joriy qilish va o‘zlashtirish kirib kelayotganidan dalolatdir. Shunga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash ham oshadi. Bu esa ishchini ruhlantiradi”.

Uning umid bildirishicha, endi hech kim yoshlarni o‘z ustida ishlashdan, tahsil olish va axborot texnologiyalarini o‘zlashtirish, shaxsiyatini kamolga yetkazish bo‘yicha shug‘ullanishdan chalg‘ita olmaydi.

“XPK yoz mavsumidan beri NNT sifatida shu yilning yozidan buyon respublika mintaqalarida odamlar va hokimlar bilan suhbatda doimiy ravishda ushbu masalani ko‘tarib chiqdi va hududlar rahbarlaridan ijobiy javob oldi. Bugun, Senat sessiyasida, ular, Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev, Surxondaryo viloyati hokimi Erkin Turdimov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yana bir marta shu yo‘nalishda ishlash qat’iyatlarini tasdiqlashdi”, - deb yozadi Qudratxo‘jayev o‘z blogida.

Uning ta’kidlashicha, bu masala Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyalari kengashi tomonidan jiddiy nazoratda bo‘ladi.

“Bugungi kun O‘zbekistonning har qanday ko‘rinishdagi majburiy mehnat va bolalar mehnatiga qat’iy ravishda “Yo‘q!” degani hal qiluvchi o‘rin tutadi. O‘zbekiston inson huquqlariga rioya etadigan va uni hurmat qiladigan mamlakatlar qatoriga kirdi”, - deydi XPK raisi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Qudratxo‘jayev: O‘zbekiston “Yo‘q!” dedi