13:10 / 10.10.2017
11 525

Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni yoshlarga qaratmoqda

Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni yoshlarga qaratmoqda
Ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi, global dunyoda raqobatning ortishi sharoitida har bir davlat va jamiyatning bu jarayonda raqobatbardoshligi yoshlarning intellektual rivoji hamda ularning iste’dodi va qobiliyatlarini to‘liq amalga oshirishga e’tibor berishga bog‘liq bo‘ladi.

Shuning uchun bu masala har doim davlatlarning uzoq muddatli rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan barcha strategiyalarda aks ettirilgan. O‘zbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasi ham bu borada istisno bo‘lmadi. Unda alohida bo‘lim davlatning yoshlar siyosatini takomillashtirishga bag‘ishlangan. U O‘zbekistonning 10 million fuqarosi yoki mamlakat aholisining 31 foizini tashkil etuvchi yoshlarga nisbatan davlat siyosatining samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalarni qamrab oladi.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqini tashkil etish zarurati hayotning o‘zi tomonidan belgilab qo‘yildi, u tashkilotdan yoshlar hayotidagi eng dolzarb masalalarni hal qilishni talab etadi, ayniqsa uyushmagan yoshlar hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoitlar yaratish, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga yo‘naltirish va bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini rag‘batlantirish shular jumlasidan.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tashkil etilgan kun - 30 iyunni Yoshlar kuni sifatida e’lon qilinishi ham juda ramziydir. Sababi ushbu Ittifoq davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirishda samarali faoliyatni ta’minlaydigan, «Yoshlar - kelajak quruvchisi» shiori ostida professional faoliyatni amalga oshiradigan tuzilmaga aylanadi.

Bizning fikrcha, ushbu shior shubhasiz tasodifan tanlanmagan - u O‘zbekiston prezidentining davlatning rivojlanish istiqbollari haqidagi strategiyasida prinsipial yondashuvini ifodalaydi. Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni yoshlarga qaratmoqda.

Bu O‘zbekiston rahbari tomonidan O‘zbekiston prezidenti Devonida yoshlar siyosati masalalari Xizmat tashkil etilgani bilan ham isbotlanadi. Xizmatga prezidentning yoshlar siyosati masalalari bo‘yicha Davlat maslahatchisi – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi rahbarlik qiladi. Bu shuni anglatadiki, yoshlar muammosi doimo mamlakat prezidentining diqqat markazida bo‘ladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, zaruriy moddiy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlanmasa, tashkilot faoliyatidan biron bir natijani kutish mumkin emas. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Rivojlanish jamg‘armasiga kichik biznes sub’ektlari uchun yagona soliq to‘lovining hisoblangan miqdoridan 8 foizi o‘tkazib beriladi. O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi qoshida turli predmetlar, jumladan xorijiy tillar, dasturlashtirish va tadbirkorlik asoslari bo‘yicha ta’lim berish maqsadida tashkil etiluvchi sho‘’ba korxonalar 10 yil muddatga barcha turdagi soliqlardan ozod qilinadi. Shu bilan birga, ushbu imtiyozlar natijasida korxonaning tasarrufida qolgan mablag‘larning 20 foizi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Yaratilgan sharoitdan foydalanib, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi mamlakatning kelajagini belgilaydigan yosh kuchni shakllantira boshladi. Shu maqsadda Ittifoq turli yoshlar uyushmalarini, ijtimoiy va psixologik yordam ko‘rsatish markazlarini yaratmoqda hamda bir qator yirik tadbirlarni o‘tkazmoqda.

Bundan tashqari, Ittifoq chet elda ta’lim olish yoki mehnat faoliyatini olib borish maqsadida bo‘lib turgan O‘zbekiston yoshlarining manfaatlari va muammolarini o‘rganishga kirishdi. Tashkilot shuningdek yoshlar bilan ishlash bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni o‘rganishga imkon beradigan xalqaro yoshlar tashkilotlari va xorijiy davlatlarning shunga o‘xshash tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatish uchun chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Shu maqsadda, Yoshlar ittifoqi vakillari shu yilning avgust oyida Xitoyga, sentyabr oyida Qozog‘istonga tashrif buyurdilar. Yaqin kelajakda bunday tashriflar Rossiya, Koreya Respublikasi, Germaniya va boshqa mamlakatlarga rejalashtirilgan.

Ta’kidlash joizki, mamlakatda ijtimoiy-siyosiy hayotda yoshlarning faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan qator aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, internetda juda yosh, biroq istiqbolli kadrlar bo‘lgan yoshlarning yuqori lavozimlarga tayinlangani keng muhokama qilindi. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutining 22 yoshli bitiruvchisi Alisher Sa’dullayev xalq ta’limi vazirining o‘rinbosari, Toshkentdagi Turin politexnika universitetining 25 yoshli bitiruvchisi Olimjon To‘ychiyev esa Fan va texnologiyalar bo‘yicha agentlik bosh direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Lavozimga tayinlanganidan so‘ng Alisher Sa’dullayev mahalliy ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida mamlakat prezidenti ushbu lavozimga yoshlar vakilini bekorga tayinlamaganini, davlat rahbari bunday qaror bilan yoshlarni jasoratga, fikrlarini ochiq ifoda etishga chaqirmoqchi ekani haqida ma’lum qildi. Yosh amaldorning fikri Shavkat Mirziyoyevning yosh avlodni o‘zini o‘zi anglashi uchun ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish istagida ekanidan yorqin dalolat beradi.

Yana bir muhim qadam - yoshlar hayoti voqealarini sifatli va o‘z vaqtida yoritadigan platformaga aylangan Yoshlar press-klubining ishga tushirilishi bo‘ldi. Bu yerda yoshlar masalalarini konstruktiv muhokama qilish uchun davlat organlari vakillari, ekspertlar jamoasi va ommaviy axborot vositalari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tadi. Ushbu platforma yoshlarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qiladi.

Yaqinda O‘zbekistonda tashkil etilgan Yoshlar muammolarini o‘rganish va O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutini ham yoshlar uchun «Ijtimoiy lift» sifatida atash mumkin. Bunga asos sifatida shuni aytish mumkinki, Institutga davlat hokimiyati organlari, jamoat tashkilotlarida istiqbolli yosh kadrlar ma’lumot bazasini shakllantirish, ularning professional rivojlanish tizimi monitoringi tashkil etish, ushbu kadrlarni boshqaruv lavozimlariga ilgari surish bo‘yicha takliflarni tayyorlash, shuningdek, davlat hokimiyati, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlarining yosh istiqbolli kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish kabi vazifalar yuklangan.

Yuqorida aytib o‘tilganlar O‘zbekistonda yoshlarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi o‘rnini kuchaytirish bo‘yicha yo‘nalish belgilanganini aytish imkonini beradi. Shu bo‘yicha davlat va yoshlar tashkilotlaridan yoshlar tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilmoqda. Bunga tayanib, O‘zbekistonning rivojlanishidagi yangi bosqichda yoshlar alohida o‘rin tutishini ta’kidlash mumkin.

S. Yusupov, D. Rabbimov,
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni yoshlarga qaratmoqda