2021 yilga borib tabiiy gazni hisobga olish to‘liq avtomatlashtiriladi

2016 yil oxirigacha Toshkent va poytaxt va viloyatida tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
O‘zbekiston tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga kirishmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
«O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasining tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasini amalga oshirish guruhi rahbari Shahnoza Islomovaning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimiz maishiy sektorida tabiiy gazdan foydalanuvchilarning 55 foizdan ortig‘ida gazni hisoblash asboblari o‘rnatilgan. Biroq ma’lumotlar to‘plashni boshqarish bo‘yicha zamonaviy tizimning yo‘qligi gazdan foydalanish va hisobga olishni samarali nazorat qilish imkonini bermaydi.
Mazkur loyihani joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad, «zangori olov»dan foydalanishni aniq, ishonchli va to‘liq hisobga olish, tabiiy gaz uzatishda talafotning oldini olish va kamaytirish, iste’molchilarning to‘lov intizomini ta’minlash imkonini beradigan yangi elektron hisobga olish uskunalarini o‘rnatish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini yanada takomillashtirishdan iborat.
Ayni paytda mutaxassislar poytaxtning Mirobod tumanida ushbu uskunalarni sinovdan o‘tkazmoqda. Taxminlarga ko‘ra, tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Toshkent shahri va viloyatida 2016 yilning oxiriga qadar joriy etiladi.
Loyihaning dastlabki bosqichida Toshkent shahri va viloyatida 1 milliondan ortiq hisoblagich o‘rnatish ko‘zda tutilgan. 2016-2017 yillarda tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida joriy etiladi. 2017-2018 yillarda esa Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida, 2020 yilning oxirigacha Qaraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlarida ushbu tizim amaliyotga tatbiq etiladi. Mamlakatimiz bo‘yicha jami 3,5 millionga yaqin shunday hisoblagich o‘rnatiladi.
Tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi tarkibiga gazni hisobga olish uskunasi, ma’lumot to‘plash, ishlov berish va uzatish bo‘yicha hamda axborot texnologiyalari yordamchi tizimi, aloqa liniyasi va telekommunikasiya qurilmalari kiradi.
«O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi Toshkent shahri va viloyatida tabiiy gazni hisobga olishni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish bo‘yicha tender e’lon qildi.
«O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda kompaniya tomonidan 13,7 ming kilometrlik tabiiy gaz quvuri va tarmoqlaridan foydalanilmoqda. Ular orqali 4 million uy-joy va qariyb 80 ming ulgurji iste’molchiga gaz etkazib berilmoqda.
25 kompressor stansiyasi, 341 gaz taqsimlash stansiyasi va 2 er osti gaz ombori yilning istalgan davrida «zangori olov»ni barqaror etkazib berishni ta’minlamoqda.
Kompaniya profilaktika ishlari, gaz transporti tizimi ob’ektlarini texnik qayta jihozlash va rekonstruksiya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda. Chunonchi, gaz quvurlarini tashqi tomondan zanglashdan himoya qilish maqsadida 3000 ga yaqin katodli himoya qurilmasi, 7000 kilometrlik elektr toki uzatish liniyalaridan foydalanilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing