23:30 / 19.02.2018
7 560

Shavkat Mirziyoyev: Paxtadan foyda bo‘lmasa, ekishning keragi yo‘q (video)

Shavkat Mirziyoyev: Paxtadan foyda bo‘lmasa, ekishning keragi yo‘q (video)
Buxoro viloyatining Peshku tumanida 16 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va viloyat faollari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident viloyatdagi har bir tuman vakillarining murojaatlarini shaxsan o‘zi qabul qildi.

Jumladan, Shofirkon tumani vakili Shavkat Mirziyoyevdan uchta — paxta maydonlari o‘rniga daromadliroq bog‘larni tashkil etish, tumanda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va ichimlik suvi muammosini hal qilishda yordam so‘radi.

«Paxta ekilgan yerlarimizni jilvon zonasi deymiz, jilvon zonasini 8—10 marta, ayrim joylarda 12 marta sug‘orib, hosil olinadi. Mana shu yerlarga kunjut, zig‘ir, boshqa ekinlarni ekib, paxtaga nisbatan ko‘p daromad olish imkoniyatlari bor. Bizda jilvoni uzumlar yetishtiradigan ikkita xo‘jalik bor edi. Rossiya, Ukraina, Boltiqbo‘yiga eshelon qilib yuborardik. Mana shu bog‘larni qayta tiklashga hamda paxta maydonlarini qisqartirib, suv kam talab qiladigan, foyda beradigan ekinlarni ekishga yordamlashishingizni iltimos qilardik», — dedi shofirkonlik oqsoqol.

«Yana Shofirkonda bitta paxta tozalash zavodi, bitta tikuv fabrikasi bor. Kelgusida paxtani qayta ishlab, ip-kalava qiladigan ishlab chiqarishni tashkil qilinsa. Yana bir muammo — ichimlik suvi. Shofirkon 25 foizga ichimlik suvi bilan ta’minlangan, suv tuman markazigacha kelgan. Endi buni hududlarga, xonadonlargacha yetkazish muammosi bor. Agar imkoniyat bo‘lsa, shu masala dasturlarga kiritilib, oxiriga yetkazilsa, xalqimiz ichimlik suvi bilan ta’minlashda yordam bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qildi Shofirkon vakili.

Prezident har bir masala bo‘yicha alohida javob berib, ularni hal etish bo‘yicha tegishli mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Jilvon zonasida moyli ekinlar ekish, bog‘lar tashkil etish borasidagi birinchi taklifingizga qo‘shilaman. Paxtadan foyda bo‘lmasa, ekishning keragi yo‘q — u zamon o‘tib bo‘ldi. Men roziman — mutaxassislar taklif bersa, jilvon zonasida ham, boshqa joylarda ham bog‘larni tashkil etish kerak. Mening niyatim ham shu aslida. Qishloq xo‘jaligini foydali, daromadli sohaga aylantirish bo‘yicha barcha choralarga roziman.

Ikkinchi — sanoat zonasi, paxta zavodi, paxtani qayta ishlash masalasi bo‘yicha. Oqsoqol, bu gaplaringiz uchun rahmat. Bilasizmi, men bir yarim yildan beri shu gaplarni har kuni aytyapman. Maqsadim, muddaoim shu. Tumanning to‘rt rahbari ham dunyoqarashini biroz o‘zgartirib, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlab, paxta zavodi o‘rniga to‘qimachilik korxonasini yo‘lga qo‘ysin. Ha, oldin mumkin emasdi, hozir hech qanday cheklov yo‘q.

Keyingi, ichimlik suvi bilan bog‘liq masala bo‘yicha. Viloyat bo‘yicha ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 51 foiz. Bir yilda shu ko‘rsatkichga erishildi. Suv masalasi bugungi yig‘ilish protokoliga kiritiladi. Rahmat sizga!

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev: Paxtadan foyda bo‘lmasa, ekishning keragi yo‘q (video)