12:24 / 08.03.2018
17 634

Shavkat Mirziyoyevning ayollarga bayram tabrigi

Shavkat Mirziyoyevning ayollarga bayram tabrigi
Kecha, 7 mart kuni poytaxt Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida pavilonida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali marosim tashkil etilgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishtirok etib, nutq so‘zladi, ayollarga bayram tabrigini yo‘lladi. Quyida davlat rahbarining marosimdagi nutqi bilan tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan uchrashuvdagi nutqi

Assalomu alaykum, muhtarama opa-singillar!

Hurmatli do‘stlar!
Hammamiz orziqib kutgan mana shu go‘zal bahor kunlarida, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida siz, azizlar bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman.

Avvalo, sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ana shu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etib, o‘zimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Bu qutlug‘ ayyomda hurmatli ayollarimizga eng samimiy, eng ezgu tilaklarimizni izhor etar ekanmiz, birinchi navbatda muqaddas va mo‘tabar Ona siymosiga ta’zim qilamiz.

Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoyiligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir.

Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.

Hech shubhasiz, O‘zbekiston deb atalgan jonajon Vatanimizda har qaysi mard yigit avvalo mehribon onasi, oilasi, farzandlari baxtli bo‘lishini albatta istaydi, hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu yo‘lda o‘zining butun borlig‘ini bag‘ishlashga tayyor turadi.

Bugungi bayramni biz – O‘zbekiston o‘g‘lonlari, mardi maydonlari avvalo, dilimizda, qalbimizda sizlarga bo‘lgan mehr va muhabbatimizni yana bir bor izhor etish imkonini beradigan ayyom, deb qabul qilamiz.

Aziz va muhtarama opa-singillar!

Bugungi kunda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarga erishishda siz, azizlarning beqiyos hissangiz bor. Buning uchun sizlarga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi, albatta.

Hozirgi vaqtda mamlakatimizda turli soha va tarmoqlarda mehnat qilayotgan ishchi va xizmatchilarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jumladan, davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin opa-singillarimiz rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Ulardan 17 nafari senator, 16 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lib, 1 ming 75 nafari esa xalq deputatlari mahalliy kengashlari tarkibida faoliyat yuritmoqda.

O‘nlab opa-singillarimiz “O‘zbekiston Qahramoni”, “O‘zbekiston fan arbobi”, “O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi”, “O‘zbekiston xalq shoiri”, “O‘zbekiston xalq artisti” singari davlatimizning yuksak faxriy unvonlariga, orden va medallariga sazovor bo‘lgan. Ularning orasida 500 nafardan ziyod fan doktorlari va akademiklar, minglab fan nomzodlari o‘z bilimi va iste’dodi bilan Vatanimiz ravnaqiga astoydil xizmat qilib kelmoqda.

Bugungi davramizda ana shunday muhtarama ayollarimizni, ularning davomchilari bo‘lgan iste’dodli qizlarimizning munosib vakillarini ko‘rib turganimdan xursandman.

Qadrli do‘stlar!

Sizlarga yaxshi ma’lum, hurmatli opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish maqsadida yaqinda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini kuchaytirish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, oila institutini mustahkamlash, onalik va bolalikni himoya qilishga qaratilgan ko‘plab chora-tadbirlar belgilandi.

Hech kimga sir emas, Xotin-qizlar qo‘mitasidan, uning joylardagi bo‘limlaridan ko‘p narsalarni talab qilar edik. Lekin, ochiq aytish kerak, buning uchun ularda yetarlicha imkoniyat bormi-yo‘qmi, bu haqda ko‘pincha o‘ylab ko‘rmas edik. Bu qo‘mita ayollarning muammolarini bilgani bilan, ularni hal etish bo‘yicha deyarli amaliy choralar ko‘rolmas edi.

Shularning barchasini hisobga olib, avvalo O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalarining yangilangan tuzilmalari tasdiqlanib, shtat birliklari hamda xodimlarining oylik ish haqi oshirildi. Ularga qo‘shimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Farmonga binoan shu yil 1 apreldan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilmoqda.

Shunga e’tibor bering, endi 8 ming 800 ta bilimdon, jonkuyar mutaxassis ayollar oilaviy munosabatlarni yaxshilash, nizoli vaziyatlar, ajralishlar, barvaqt nikohlarning oldini olish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, xotin-qizlarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi bo‘yicha doimiy ish olib boradi.

Hammamiz yaxshi tushunamiz, bugungi tez o‘zgarayotgan, ziddiyatli davrda oilaviy masalalarni ilmiy asosda chuqur o‘rganmasdan turib, ijtimoiy hayotdagi ko‘plab murakkab savollarga javob topish qiyin. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasi huzurida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil qilindi va ularning ish faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, bino va zarur jihozlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, ilgari Adliya vazirligi tasarrufida bo‘lib kelgan fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralari, eskicha aytganda, ZAGS idoralari tuman yoki shahar hokimi o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisiga bo‘ysundirildi. Endi ular nafaqat nikoh munosabatlariga oid hujjatlarni rasmiylashtirish, balki oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ham faol ish olib boradi. Masalan, oila universitetlarini tashkil etish, nikohdan o‘tadigan shaxslar bilan suhbatlar olib borish, to‘y-marosimlarni tartibli o‘tkazish, ajralishlarning oldini olish va boshqa muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi.

Shu fursatdan foydalanib, siz, muhtarama opa-singillarimizdan to‘y va ma’rakalarimizni ixcham va mazmunli o‘tkazish bo‘yicha o‘z fikrlaringizni bildirib, uni hal qilib berishlaringizni iltimos qilaman.

Farmonga asosan Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tuzilib, uning faoliyatini samarali tashkil etish uchun hozircha 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.

Ana shu mablag‘ hisobidan xotin-qizlar bandligini ta’minlash, mehnat sharoitlarini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylardagi yosh qizlarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandlikka keng jalb etishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu boradagi sa’y-harakatlar faol tadbirkorlikni rivojlantirish, ayollarning oiladan, farzand tarbiyasidan ajralmagan holda kasanachilik, tomorqachilik bilan shug‘ullanishi uchun zarur sharoit yaratadi.

Qabul qilingan Farmonga muvofiq, kam ta’minlangan, shaxsiy uy-joyga muhtoj oilalarga uy-joy olish uchun ajratiladigan kreditlarning boshlang‘ich badallarini to‘lab berishda ham fond mablag‘laridan foydalanish belgilangan.

Farmonda yana bir muhim yangilik ko‘zda tutilgan. Unga binoan bu yildan e’tiboran Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga berish bo‘yicha yangi tartib joriy etildi.

Endi har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan qizimizga bu mukofot beriladi.

Bu yil 28 nafar iste’dodli qizimiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Bugun ularga ana shu mukofotlarni sizlarning huzuringizda tantanali ravishda topshiramiz.

Albatta, Farmonda belgilab berilgan dolzarb vazifalar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Lekin, hammamiz yaxshi tushunamiz, bu vazifalar hali – maqsad, reja, xolos, ularni samarali amalga oshirish uchun hammamiz, avvalo, siz, hurmatli xotin-qizlarimiz bilan birgalikda faol ish olib borishimiz kerak.

Muhtaram yig‘ilish ishtirokchilari!

Xabaringiz bor, o‘tgan bir yil davomida biz xalqimiz, jumladan, xotin-qizlar bilan muloqot olib borishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik. Shu asosda qishloq va shaharlarimizda uyma-uy yurib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish, bu boradagi muammolarni hal etish bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Hozirgi vaqtda ana shu tizimning muhim bir qismi sifatida markazdan tortib eng olis tumanlargacha jamoatchilik nazorati guruhlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2017 yilda 5 milliondan ortiq xonadondagi muhit o‘rganilib, 15 million fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi, aholi tomonidan ko‘tarilgan 500 mingdan ziyod muammoning 72 foizi joyida hal etildi, 14 mingdan ortiq oiladagi notinch vaziyat bartaraf qilindi. Shular qatorida yurtimizda yashab kelayotgan, lekin fuqaroligi bo‘lmagan 1 ming 100 dan ortiq shaxsga O‘zbekiston fuqaroligi berildi. Ular orasida yuzlab ayollar ham borligi va ularga nisbatan adolatning tiklangani, hech shubhasiz, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Mamlakatimizda shu paytgacha xotin-qizlarni eng ko‘p bezovta qilib kelgan masala – maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Bu chuqur o‘ylangan siyosat bo‘lib, yurtimizda uzluksiz ta’lim va tarbiya tizimini mukammal shakllantirish imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Kelajak – bog‘chadan boshlanadi” degan shior balandparvoz gap emas. Aslida vatanparvarlik, el-yurtga fidoyilik bir qarashda oddiy, lekin hayot talabi bo‘lgan ana shunday dolzarb ishlardan boshlanadi.

Biz bu yil 3 mingdan ziyod bolalar bog‘chasini tashkil etishni rejalashtirganmiz. Shundan 1 ming 200 ta bog‘cha yangitdan quriladi, 1 ming 360 ta bog‘cha mavjud binolarda va 470 ta bog‘cha esa uy bog‘chasi sifatida tashkil etiladi. Bu borada davlat-xususiy sheriklik munosabatlari asosida hududlarga biriktirilgan tijorat banklari va tadbirkorlar imkoniyatlarini keng ishga solamiz.

Men hududlarga borganimda shahar va tumanlarimizda barpo etilayotgan yangi bog‘chalar, ulardagi sharoitlar bilan tanishishga alohida e’tibor beraman. Eng asosiysi, bunday ishlardan onalar, ayollarimiz, jajji farzandlarimiz mamnun bo‘lmoqda.

Ayni vaqtda bu sohada hal qilishimiz zarur bo‘lgan masalalar ham ko‘p. Masalan, ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma’lumotli, qolgani esa o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

Ana shu masalani hal qilish uchun 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab oliy o‘quv yurtlarida maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi bo‘limda bakalavrlar tayyorlaydigan 3 yillik tizimni joriy etmoqdamiz. Shuningdek, bu yo‘nalish bo‘yicha sirtqi va kechki ta’lim shaklida bakalavrlar tayyorlash tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi.

Mart oyidan boshlab hududlarimizdagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘cha pedagoglari va shu sohada mutaxassis bo‘lmagan kadrlar uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etilmoqda.

Xabaringiz bor, biz ushbu soha xodimlarining mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish maqsadida yaqinda alohida qaror qabul qildik. Unga ko‘ra, shu yil 1 martdan boshlab bog‘cha xodimalarining ish haqi ikki bosqichda sezilarli ravishda oshirib boriladi. Ana shu maqsadlar uchun 2018 yilda davlat byudjetidan 386 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi.

Bundan tashqari, 2023 yilning 1 yanvarigacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatidagi iqtisodiy ahvoli og‘ir bo‘lgan ayrim tumanlarda maktabgacha ta’lim muassasalarida bog‘cha to‘lovlari miqdori 50 foizga kamaytirildi.

Qadrli yurtdoshlar!

Mamlakatimizda onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash maqsadida tibbiyot sohasini, xususan, shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish, dori-darmon ta’minotini yaxshilash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Ana shu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun joriy yilda byudjet mablag‘lari hisobidan qariyb 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilib, bu borada yangi qadamlar qo‘yiladi.

Barcha hududlarda perinatal yordam sifatini yaxshilash, onalar va bolalarga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat darajasini oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlarining yordamini ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning dam olishi, salomatligini tiklashiga ham katta e’tibor berilmoqda. Bu haqda gapirganda, bir raqamga diqqatingizni qaratmoqchiman. Har yili kasaba uyushmalariga qarashli sanatoriylarda dam olayotgan aholining 60 foizini ayollar tashkil etmoqda. 2017 yilda 75 mingga yaqin ayol ana shunday maskanlarda imtiyozli yo‘llanmalar asosida sog‘lomlashtirildi.

Shu bilan birga, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini, profilaktika va patronaj tizimini yanada takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ayni vaqtda hammamiz yaxshi bilamiz, bu sohada ham muammolar yo‘q emas. Xususan, homilador ayollarni skrining ko‘rigidan o‘tkazish ishlari talab darajasida emas. Bu boradagi jiddiy kamchiliklarga barham berish maqsadida oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida qizlarimiz, ayollarimiz uchun alohida tibbiy maslahatxonalar tashkil etilmoqda.

Bu masalalarning ahamiyatini sizlar ona sifatida, tarbiyachi va murabbiy sifatida, o‘ylaymanki, boshqalardan ko‘ra yaxshiroq tushunasiz.

Biz xalqimizning talab va istaklarini inobatga olib, ko‘p yillar davomida og‘ir masala bo‘lib kelgan uy-joy muammosini hal qilishga kirishdik.

Bu borada, ayniqsa, ipoteka kreditlari asosida qurilayotgan arzon uy-joylar ko‘pchilikka ma’qul bo‘lmoqda.

O‘tgan yili shahar va qishloqlarimizda jami 3,5 million kvadrat metrdan ziyod namunaviy uylar va ko‘p qavatli uy-joylar barpo etilib, minglab yurtdoshlarimiz yangi, zamonaviy turar joylarga ega bo‘lishdi. Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash, ularga imtiyozli uylar ajratish bo‘yicha yangi tizim joriy etilgani, ayniqsa, muhim ahamiyatga egadir.

2017 yilning o‘zida 1 ming 207 nafar muhtoj, nogiron ayolga arzon uy-joylar berildi. Ularning 972 nafariga homiy tashkilotlar tomonidan tikuv mashinalari olib berilib, kasanachilik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratildi.

Joriy yilda bu yo‘nalishdagi ishlarimiz yanada kengaytirilib, 10 mingdan ortiq ijtimoiy yordamga muhtoj, nogiron ayollar ish o‘rinlari bilan ta’minlanadi. 2018 yilda aholi, ayniqsa, yosh oilalarning ehtiyojini hisobga olib, arzon uy-joylarni qurish hajmi 1,5-2 barobar oshiriladi. Bu maqsadlar uchun 5 trillion 286 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shu bilan birga, og‘ir maishiy sharoitda yashayotgan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironlarni parvarish qilayotgan oilalarga 242 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi.

O‘tgan yili mamlakatimiz bo‘yicha 120 mingdan ortiq tadbirkor xotin-qizlarga jami 2 trillion 700 milliard so‘mlik kreditlar berildi, 84 mingdan ziyod xotin-qizlarimiz doimiy ish joylari bilan ta’minlandi, ayollarni kasbga o‘qitish kurslari tashkil etilib, ularda minglab opa-singillarimiz turli kasblarga o‘rgatildi.

Sizlarga ma’lumki, biz 2018 yilni yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvatlash yili, deb e’lon qildik. Shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturi doirasida tadbirkor ayollarga bu yil 2 trillion 800 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratish mo‘ljallanmoqda.

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish bo‘yicha ikki yillik moratoriy e’lon qilingani oilaviy biznes, kasanachilik, xususiy tadbirkorlik rivoji uchun keng imkoniyatlar ochib bermoqda.

O‘tgan yili madaniy-gumanitar sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qilingan ishlar ham xotin-qizlarning hayotiy manfaatlariga bevosita daxldor, deb o‘ylayman. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va bir qator viloyatlarda oliy o‘quv yurtlarining filiallari, iste’dodli o‘g‘il-qizlarimiz uchun ulug‘ adiblarimizning nomlari bilan atalgan ijod maktablari hamda “Temurbeklar maktablari”, “Ulug‘beklar maktablari” barpo etildi.

Albatta, miqyosi va ko‘lami tobora kengayib borayotgan bunday ezgu ishlarimiz haqida yana ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin biz bu ishlarning barchasini katta yo‘ldagi dastlabki qadamlar, deb bilamiz. Hayotimizni yangilash, onalarimiz, opa-singillarimizni rozi qilish maqsadida boshlagan ishlarimiz biz kutgan amaliy natijalarni berishi uchun kelgusida ularni yanada kuchaytiramiz.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi kunda xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolar kuchayib borayotgani butun insoniyatni, jumladan, bizni ham qattiq xavotirga solmoqda. Bunday murakkab sharoitda yurtimizda va mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni asrash har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Biz bu borada qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor bermoqdamiz.

Mana, erta-indin Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan boramiz. Yaqin qo‘shnimiz bo‘lgan bu mamlakat bilan ham ko‘plab muhim masalalarni o‘zaro muhokama qilib, ularni amaliy jihatdan hal etish niyatidamiz.

Biz xorijiy mamlakatlarda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarimizga nisbatan munosabatni tubdan o‘zgartirdik.

Yurtimizdan maxsus delegatsiyalar borib, chet ellardagi vatandoshlarimiz bilan uchrashuvlar o‘tkazayotgani, ularning mehnat va yashash sharoitlarini yaxshilash, haq-huquqlarini ta’minlash bo‘yicha mahalliy boshqaruv idoralari bilan birgalikda zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganidan, o‘ylaymanki, sizlar xabardorsiz. Jumladan, xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli ishlab yurgan yuqori malakali olim va mutaxassislarimiz, vrachlar, salohiyatli investorlarni – ularning orasida iste’dodli opa-singillarimiz ham ko‘p – yurtimizga taklif etib, o‘z bilim va tajribasini Vatanimiz ravnaqi yo‘lida ishlatishi uchun barcha sharoitlarni yaratib bermoqdamiz. Chunki bu insonlar ham bizning vatandoshlarimiz, O‘zbekiston fuqarolaridir. Shuning uchun biz bu ishlarni kelgusida yanada kuchaytiramiz.

Ma’lumki, mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida diniy-ekstremistik oqimga mansub shaxs sifatida hisobda turadigan fuqarolarga nisbatan munosabatimizni butunlay o‘zgartirdik. Bunday shaxslarni o‘zimizga yaqin olib, dardiga quloq tutganimiz bugun o‘z natijasini bermoqda. Hozirgi vaqtda ana shunday minglab fuqarolar sog‘lom turmush tarziga qaytarildi.

Bu dunyoda eng yomon narsa nima? Ta’nayu malomat emasmi? Shu nuqtai nazardan qaraganda, bu insonlarning oilasi, farzandlari “Bu falonchining xotini”, “Bu falonchining bolasi” degan har xil ta’nalardan qutulgani eng katta ish bo‘ldi. Endi ular mahallada, maktabda, ko‘cha-ko‘yda boshini ko‘tarib, ijtimoiy hayotimizda faol qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Bugungi kunda ana shu fuqarolarning hayotiy muammolarini hal etish, ishga joylashtirish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirganlariga bank kreditlari ajratish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.

Yurtimizda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan insonlar umuman bo‘lmasligi uchun bu boradagi ishlarni susaytirmasdan, izchil davom ettirishimiz kerak. O‘z faoliyatimizni jaholatga qarshi ma’rifat asosida tashkil etishimiz lozim.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom akademiyasi kabi ilmiy-ma’rifiy muassasalar ham ayni shu maqsadlarni ko‘zlab tashkil etilgani barchangizga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.

Siz, hurmatli ayollarimiz o‘zingizning onalik mehringiz, hayotiy bilim va tajribangiz bilan farzandlarimizni turli xavf-xatarlardan asrashda, ularni mustahkam irodali, ma’naviy-intellektual jihatdan yetuk, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashda bundan buyon ham kuch-g‘ayratingizni ayamaysiz, deb ishonaman. Ayniqsa, qiz bolalarni hayotga tayyorlash, ularni zamonaviy bilimlar, kasb-hunarlarga o‘rgatishda biz avvalo sizlarga suyanamiz.

Xabaringiz bor, o‘tgan yili ko‘pchilik ota-onalar, yoshlarimiz, keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflarni hisobga olib, umumta’lim maktablarida 11 yillik tizimni tikladik. Bunday qarorni qabul qilishda birinchi navbatda sizlarning fikringizni e’tiborga olganimiz, qizlarimizning taqdiri, kelajagi haqida o‘ylaganimiz – buyam ayni haqiqat. Chunki qiz bola uzoq shahar yoki tumandagi kollejga bormasdan, ota-onasining bag‘rida turib, o‘zining qadrdon maktabida o‘qishni davom ettirsa, uning o‘zi ham, oilasi ham tinch-xotirjam bo‘ladi.

Farzandlar tinchligi, ularning baxti, kamoli – jamiyatning eng katta boyligi. Buning ahamiyatini ota-ona bo‘lgan odam biladi. Ayniqsa, hozirgi notinch, murakkab zamonda bu haqiqatni yanada chuqurroq anglash – bu ham hayot talabidir.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Bugungi davramizda muhtaram mehmonlarimiz – Amerika Qo‘shma Shtatlari elchisi Pamela Spratlen xonim, Xitoy Xalq Respublikasi elchisi Szyan Yan xonim, Fransiya elchisi Violen de Vilmor xonim, Misr Arab Respublikasi elchisi Amani Eletr xonim, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i Xelena Freyzer xonimlar ishtirok etib, bayram quvonchini biz bilan baham ko‘rishmoqda. Bu aziz mehmonlarimizni sizlarning nomingizdan, o‘z nomimdan samimiy tabriklab, ularning kelgusi faoliyatida katta yutuq va omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.

Qadrli opa-singillar!

Biz shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizni yanada ravnaq toptirish, xalqimiz hayotini munosib darajaga ko‘tarish bo‘yicha qanday reja va dasturlar qabul qilsak, avvalo siz, azizlarning orzu-niyatlaringiz va manfaatlaringizni ro‘yobga chiqarishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Hozirgi kunda bu borada katta amaliy ishlarni boshlamoqdamiz.

Butun mamlakatimiz bo‘yicha zamonaviy loyihalar asosida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada, ayniqsa, “Obod qishloq” dasturi muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash, ularning kayfiyati, dunyoqarashini yuksaltirishga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan dasturdir. Ana shunday dasturlarimiz asosida yo‘llar, ta’lim va tibbiyot, madaniyat, sport maskanlari, uy-joylar yangilanmoqda. Minglab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes, turizm va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda.

Ayniqsa, ichki turizm bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar yurtimiz bo‘ylab sayohat qilish, o‘z tariximiz va madaniyatimizni yanada chuqur bilishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.

O‘ylaymanki, Navro‘z bayrami munosabati bilan belgilangan qo‘shimcha dam olish kunlarida sizlar oilangiz, farzandlaringiz bilan ana shunday sharoitlardan foydalanib, mazmunli dam olish imkoniga ega bo‘lasiz.

Aziz opa-singillar!

So‘zimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Mening tilagim, mening maqsadim bitta – oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar!

Nega deganda, ayollarimizning baxti – xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir.

Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.

Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardog‘ida bo‘lish hammangizga nasib etsin!

Katta rahmat sizlarga.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyevning ayollarga bayram tabrigi