O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida farmoni chiqqanini eshitib, matni bilan tanishib, dilimizda yana umid uyg‘ondi.
Yashirmayman, har bir iymonli millat ziyolisining bu tashkilot bilan azaliy hisob-kitobi bor: bu NKVD-KGB-SNB brendlari ostida «faoliyat» yuritgan va bugun SGBga aylanayotgan idoraning qo‘llarida Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon singari minglab ziyolilarning, millatimizning ma’naviy ustozlarining qoni bor. Hamid Sulaymon, Shayxzoda, Shukrullo kabi ko‘plab buyuk insonlarning avval qamoqda, keyin o‘yida siqilib o‘tgan hayotlari, asablari, zoye o‘tgan umru jonlari shu idora deb qaqshagani, bugun ham ko‘p ziyolilarimiz «rostdan ham o‘zgarayotganmikin yoki peshtaxtasidagi nomini o‘zgartirib, mohiyati o‘shaligicha qolarmikin... Har holda jim yurganim tuzuk, har xil xatlarga imzo chekib baloga qolmay», deya qaltirab yurganliklari ham shu sabablidir.
Shavkat Mirziyoyevdan kutilgan va bir qadar umid ham uyg‘otgan bu qadamlarning izchil va muqarrar bo‘lishida qancha avlod ajdodlarimiz ruhining nihoyat osoyish topishi va bugungi hamda kelgusi avlodlarning taqdiri, mamlakatning va xalqning istiqboli bog‘liqdir.
Farmonda to‘g‘ri ta’kilanganidek, «davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi». Sobiq milliy xavfsizlik xizmati bu yuqorida sanalgan sohalarning har birini qanday «o‘ziga moslagani»ni bilamiz-ku? «Davlat chegarasi»dan qush ham uchib o‘tolmasdi, ammo narkotrafik tinmadi. «Inson huquqlariga og‘ishmay rioya qilish» topshirig‘i inson huquqlari himoyachilarini ovlash va ado qilishga do‘ndi. «Diniy bag‘rikenglik» taqvodorlarning boshiga ne kunlarni soldi. «Tinchlik va osoyishtalik»ni ta’minlash mamlakatning yarmi qamoqda o‘tirsa ham, tinchlik bo‘lsa bo‘ldi, deb tushunildi.
Milliy xavfsizlik xizmatining nomi o‘zgartirilganini quvvatlaymiz va tezroq uning maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilishini kutamiz.
Oldindan aytaman – korrupsiyaga qarshi kurashning ham, iqtisodiy islohotlarning ham, ma’naviy kamolotning ham, shu jumladan, bo‘lg‘usi davlat xavfsizligi xizmati (DXX) vakolatlarini (yangi qarorda ham unga avvalgisining deyarli barcha vakolatlari yuklangan) yana kengaytirib talqin etmasligi, bir muddat qisqarib, yana avvalgi holiga yo‘llanmasligi (chunki yangi rahbariyat ham o‘zi boshqarayotgan joyning zaiflashib ketishini istamasligi juda ham tabiiydir) kafolati, eng avvalo, so‘z erkinligi va mustaqil sud tizimi mavjud bo‘lishidir. Buning boshqa yo‘li yo‘q. Parlament nazorat yetarli bo‘lmaydi va deputatlarni - xalq va matbuot himoyasi bo‘lmasa – oson egib olishadi yoki aynan sobiq mansabdorlargina deputatlardir. Saylovlarning adolatli bo‘lishi ham yurt taqdiriga daxldordir.
«O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib» belgilanishi mumkin. Hamma gap bu vakolatni qay tarzda amalga oshirishda bo‘ladi. «Tashqi va ichki tahdid» qanday tushunilishida masalaning mohiyati yashirindir.
Bir oqsoqol mahalla raisiga qattiqroq gapirsa ham «hokimiyat vakiliga qarshilik» deb qaralishi mumkin. Bir jurnalistning maqolasi ham «tinchlik va osoyishtalikka tahdid» deb topilishi ehtimoldir. Tushunchaning kengaytirib talqin etilishi vakolatlarning ham, shtatlarning ham oson kengaytirilishiga sabab bo‘ladi.
DXX «huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini aniq belgilab beruvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratish; bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish; yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta’minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish» xayrli ishlardir. Niyat yaxshi, musulmonchilikda ham, hayotda ham niyatgagina emas, amalga qaraladi va bu amaliyot endi elning ko‘z ostida bo‘ladi degan ishonchni uyg‘otmoqda islohotlar.
Menga eng maqbul yerlaridan biri bu: «Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta’minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish». Sir emas, har bir idorada hamma «rejim bo‘yicha zam» kim ekanini bilardi. Ko‘cha-ko‘yda ham kimning kuyovi, kimning qudasi, kimning jiyani bu idorada ishlashini hamma bilardi. Ochiq gapirmasa ham ular yaqinlashganda odamlar, qo‘lini yelkasiga qo‘yib («uning pogoni bor» degan ma’noda) sekin: bundan ehtiyot bo‘l deb qo‘yardi.
Yodimga tushdi. O‘tgan asrning 97-98 yillari orasida Germaniyaga safar qilganimda bu mamlakatning xavfsizlik xizmatida (Kyolnda joylashgan, «Konstitutsiyani muhofaza qilish idorasi» deb ataladi) bo‘lganman va xodimlari bilan gaplashganman. Bu mamlakatda Gitlerdan so‘ng Konrad Adenauer hokimiyatning bo‘linishi tamoyilini jug‘rofiy amalga oshirgan edi. Ya’ni Oliy Sud mamlakatning olis bir chekkasida joylashgan, Ichki ishlar idorasi boshqa bir chekkasida joy topgan, Xavfsizlik xizmati ham bir olis viloyatdadir. Ya’ni ularning hech biri poytaxt Bonnda emas. Oliy sudda bo‘lganimda so‘raganman: «Davlat yo hukumat rahbari biror kishini qamashni yo ozod qilishni so‘rab murojaat qiladimi?» 20 yildan beri Oliy sud raisi bo‘lgan nemis do‘stimiz yigirma yil mobaynida bir marta ham telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lmaganligini aytdi. Chunki, hukumat sud idorasiga zug‘um o‘tkazsa, o‘sha kuni xalq bu hukumat iste’fosini talab qiladi. Ularning fikricha, hokimiyatning bir qo‘lda jamlanishi Gitlerning gestaposini yuzaga keltirgan.
Darvoqe, gap konspiratsiya haqida edi. Olmon maxsus xizmatida bilganim shuki, ular biror kimsa davlat xavfsizligiga tahdid solishini bilsalar, uning telefonini eshitish uchun parlament komissiyasidan ruxsat olishar ekan. Eshitish faqat 20 kun davom etishi mumkin emish. U odam bilmasa, mayli, mabodo kuzatuvni sezib qolsa, kuzatilayotgani yoki kuzatilmayotgani haqida so‘rov bera olarkan va bu so‘rovga haqiqatni aytib javob berish majburiy ekan. Agar maxsus xizmatlar biror kimsani jinoyatchi deb poylab yurib aniqlasa, uni qamoqqa olishni politsiyaga topshirar ekan, chunki maxsus xizmatlarda operativ funksiya yo‘q, ularning qamoqxonasi ham yo‘q. Barcha jinoyatchilarni politsiya ushlaydi, prokuratura so‘roq qiladi va sud hukm etadi. Ularning sudi politsiya yoki maxsus xizmatlar istagan hukmni chiqarib bermaydi, adolat tomonda turadi. Mana, ko‘ryapmizki, Olmoniya maxsus xizmatlari zimdan ishlaydi va Mirziyoyev Qaroridagi konspiratsiya bandi shunga umid beradi.
DXX «fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta’sirchan mexanizmlarni joriy qilishi» haqidagi qaror bandi haqida yuqorida aytgandayman.
Bu idoraga «O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish» topshirilgani tushunarlidir.
Hammamiz ham odamlar ichida yashaymiz. Bir baliqxo‘rlik oshxonasida 2000-yillar nari-berisida bir shu idora vakili bilan birga o‘tirib qolgandim. Uni boshqa ko‘rmadim. Shu odam mening o‘sha paytlar mashhur jurnalistligimni bilib, gaplashib qoldi va shu gaplarni aytdi: «Bizning KGB intellektual joy edi, bizning ishni «belыe perchatki», ya’ni oq qo‘lqopda ishlovchilar» deyishardi, faqat ravzvedka va kontrrazvedka bilan shug‘ullanardik va sifatli shug‘ullanardik. Nimagadir ichki ishlarga davlat rahbarining ishonchi pasaydimi yoki o‘zaro nazorat bo‘lsin, hokimiyatda balans bo‘lsin deyildimi, OBXSSning vakolatlaridagi iqtisodiy jinoyatlarga ham bizni aralashtirishdi – qo‘limiz katta pul ko‘rdi, ikki qavatli uylar qurdik, mashinalar mindik va biznesmenlarning biznesini qo‘lga oldik... Keyin diniy ekstremizmga qarshi kurash bo‘limlari ochildi, ularni urdik, qiynadik, o‘ldirdlik ham zarur bo‘lganda – oppoq qo‘llarimizga qon tegdi. Bizga xos bo‘lmagan vakolatlarimiz shunga olib borayotibdi. O‘zini bilgan, vijdonli xodimlarimiz bo‘shab ketdi va ko‘pchiligi Rossiya, Belarus xizmatlariga o‘tib ishlayapti».
Ichki ishlar idoralari ham «biznes»ga o‘tgan edi. Chorsu bozorida granata portladi va tezda davlat rahbari hamma bozorlarga ichki ishlardan rahbar qo‘ydi. «Bozor tayyorlov savdo»ning o‘sha paytda organdan kelgan boshlig‘i stoliga ichki ishlar vazirining surati va F-1 granatasini suvenir sifatida qo‘yib qo‘ygandi. Intervyu olishga kirgan jurnalistlar biladi.
Keyin Andijon voqealaridan so‘ng bozorlarga boshliq va o‘rinbosar bo‘lib xavfsizlik idoralaridan odamlar keldi va bozorlar davromadi ularga o‘tdi. Chunki, yaxshi odammi-yomon odammi, Zokir Almatov «Militsiya xalqqa o‘q otsa, ertaga uchastkovoylar xalqning orasida qanday yuradi?!» deb xalqni otishga ko‘nmadi, xavfsizlik xizmati rahbari o‘zining tizimidagi askarlari bilan buni amalga oshirdi. Almatov ketdi va butun biznes ham, istagan kishini ushlash, qamash va ezg‘ilash huquqi ham xavfsizlik idoralariga o‘tdi. Shuning natijasida idoradan chiqqanlar ichki ishlarga ham, prokuraturaga ham, Tashqi ishlar vazirligiga ham, Tashqi iqtisodiy faoliyat qo‘mitasiga ham, televideniyega ham keldi. Mamlakatni yalpi nazorat qildi va bu bugungi ko‘rib turgan holatimizga olib keldi. Hozir o‘sha xodimlarning ayrimlari ketyapti jazosini olib, ayrimlari hali turibdi.
Bilaman, xavfsizlik idoralarida minglab yaxshi insonlar ham bor. Ular o‘sha-o‘sha oylikka ko‘z tutganicha yashaydi, oilasini bir amallab tebratadi, lavozimi ham yuqori emas, yurt uchun kuyinadi. Ikkinchi tomondan, davlat xavfsizligi ham muhim soha, usiz davlat yo‘q. Biz uning qonun doirasida ishlashi, vazifasini aniq va tiniq bajarishi, inson huquqlariga rioya etishi tarafdorimiz.
Shu bilan birga, bir oddiy fuqaro va xalq vakili o‘laroq, «terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish; telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish» singari yangidan takroran berilayotgan vakolatlarini aniq va tiniq bajarishidan ham manfaatdormiz.
«Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish; davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish; davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish» singari vakolatlarning berilishini chuqur mulohaza qilish va kengaytirib talqin etilishidan hamisha ogoh bo‘lish tarafdorimiz.
Mazkur qarordagi «O‘zbekiston Respublikasining o‘ta muhim va toifalangan ob’ektlarida qo‘riqlashning texnik vositalarini loyihalash, montaj qilish, sozlash, ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni bajarishga ruxsat berish, rejimli mudofaa ob’ektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash uchun litsenziya talabgorlariga ruxsat etilganligi haqida ma’lumotnoma berish» vakolatlarining DXXdan olib boshqa idoralarga berilganligini to‘g‘ri deb bilamiz.
Prezidentning PF-5379-son Farmoni yodimizga jurnalistik bir klisheni yodga tushirdi «Prezident Farmoni – xalq darmoni». Bu ifoda aynan o‘z o‘rinda umidlarimizni ifodalayotgandek. Xalq darmoni – xalq armoniga aylanmasin deb umidlanamiz.
Karim BAHRIYeV
Manba: Kun.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi