date
views 3 687

Rossiyalik sayyohlarning eng ko‘pi Yangi yilni O‘zbekistonda kutib olishmoqchi

Rossiyalik sayyohlarning eng ko‘pi Yangi yilni O‘zbekistonda kutib olishmoqchi
Yangi yil bayrami ham tobora yaqinlashyapti. Quvonarlisi, mazkur ezgu tilaklar ayyomini o‘z uyida emas, aynan O‘zbekistonda nishonlashni istayotgan xorijliklar soni ham tobora ko‘payib bormoqda. Yaqinda eng yirik “Tutu.ru” sayyohlik servisi tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, rossiyaliklar o‘rtasida aynan O‘zbekiston Yangi yilni kutib olish uchun eng ommabop va mashhur mamlakat deb topilibdi.

Vaholanki, o‘tgan yil diyorimiz ushbu reytingda yettinchi pog‘onani egallagan bo‘lsa, Germaniya, Chexiya va Moldaviya yetakchilar qatoridan joy olgandi. Bu safar esa yurtimiz olti o‘rin yuqorilab, nemislar, chexlar va moldovanlar o‘lkalarini ham ortda qoldirib ketdi.

Binobarin, Rossiyada Yevropaga yangi yil aviachiptalari sotilishi 20 foiz pasaygan bo‘lsa, O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘yicha bu ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan ikki barobar ko‘paygan. Ekspertlarning aytishicha, rus turistlarining asosiy qismi diyorimizga uning mehmondo‘stligi, milliy taomlaridan bahramand bo‘lish va Chimyon tog‘ida chang‘ida uchishga katta qiziqish bildirmoqda.

“Bayram sanalariga sotilgan chiptalar bo‘yicha eng totli palov mamlakati hatto Yevropaning mashhur shaharlari, masalan, Berlin va Pragadan ham o‘zib ketdi”, - deb yozadi rossiyalik jurnalist Mariya Naumenko. Uning aytishicha, rossiyaliklar bu tanlovni bejiz qilishmagan. Zero, O‘zbekistonda sermazmun hordiq chiqarish uchun barcha sharoitlar muhayyo va sayohat uchun u qadar ko‘p sarf-xarajatlar talab etilmaydi.

“Masalan, Toshkentda ikki kishi mehmonxonada bir kecha-kunduz turishi uchun taxminan 30-50 dollar ketadi. Buning ichida nonushtasi ham bor”, - deya qayd etib o‘tadi ijodkor. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda muloqot bo‘yicha ham hech qanday to‘siq yo‘q: ko‘pchilik aholi rus tilida bemalol gaplashadi va har qanday vaziyatda chin yurakdan turistlarga yordam beradi. Vladimir Putinning yaqinda O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi ham mamlakatga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirgani aniq.

Jurnalist turistlar qishki ta’til uchun chemodanlarini tayyorlayotgan bir paytda mehmondo‘st O‘zbekistonda dam olishni tashkil etishning eng yaxshi ssenariylariga ham to‘xtalib o‘tgan.

1-ssenariy: totli

Nima uchun olive yoki shuba ostidagi selyodkani palov yoki kulchalarga almashtirish mumkin emas? Boz ustiga, an’anaviy go‘shtli taom — norinning ham mazasini tatib ko‘rish kerak. O‘zbek oilalari uni Yangi yilda tayyorlashni yoqtirishadi. Bayram kechasi choyxonaga borish yoki xushmuomala va samimiy o‘zbeklar bilan to‘kin dasturxon ustida birga o‘tirish mumkin.

Biroq diyetologlar maslahatini eslab qoling: me’yorni saqlang va barcha xushta’m taomlarni birdaniga tanovul qilishga urinmang.

2-ssenariy: tog‘li

O‘zbekistonga xushta’m ne’matlar, ko‘hna mehmonnavozlik va go‘zal tabiatdan bahra olish uchun borishadi. Yana Chimyon tog‘larida chang‘ida yoki snoubordda uchib ham maza qilish mumkin. Shuningdek, qishki sport turlari bilan Beldersoy va Yangiobodda ham shug‘ullansa bo‘ladi. Chimyon trassalari juda oddiy va u qishki sport turlarida hali yangi bo‘lgan odamlar va sportchilar o‘z texnikalarini takomillashtirishlari uchun mos keladi. Biroq Beldersoydagi tepaliklardan tushish hatto tajribali chang‘ichilar uchun ham qiyin kechadi. Tog‘ chang‘isi trassalarida ko‘p yillik stajga ega professional yo‘riqchilar faoliyat olib boradi.

3-ssenariy: musiqali

Nima uchun Yangi yilni Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga o‘rnatiladigan archa oldida kutib olish mumkin emas? Bayram kayfiyatini biz uchun tanish bo‘lgan qish sovug‘i ham buza olmaydi.

Umuman olganda, bayram arafasida archa atrofida xushchaqchaq muhit paydo bo‘ladi: o‘zbek estradasi yulduzlari qo‘shiq kuylaydi, taniqli ansambllar raqsga tushadi, bolalarga esa ko‘chalarda ertak qahramonlari shirinliklar ulashadi.

Soha mutaxassislarining aytishicha, hozirgi kunda O‘zbekiston uchun eng muhimi Yangi yilda dam olish yo‘nalishidagi yetakchiligini mustahkamlab olish uchun sayyohlarning ishonchini oqlashdir. Bunga shubha qilmasa ham bo‘ladi, zero, O‘zbekiston mehmonlarni qanday qabul qilishni juda yaxshi biladi.

Taniqli sayohatchi bloger Natalya Cherkes aytganidek, O‘zbekistondagi muhit milliy urf-odatlarga maksimal singib ketish, mamlakat nafasini his etish va undan zavq olish imkonini beradi.
Said MAXSUMOV tayyorladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Rossiyalik sayyohlarning eng ko‘pi Yangi yilni O‘zbekistonda kutib olishmoqchi