10:40 / 20.12.2019
2 254

Yangi suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi

Yangi suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi
Vazirlar Mahkamasi 11.12.2019 yildagi “Suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 982-son qarorni qabul qildi.

Kun’ning yozishicha, suv iste’molchilari uyushmalari ishida tizimli kamchiliklar mavjud, bu suvdan foydalanish sohasida qoniqarsiz ahvolga olib keldi, deb ta’kidlanadi hujjatda. Vaziyatni o‘nglash uchun mavjudlari negizida har bir tuman va Quvasoy shahrida bittadan suv iste’molchilari uyushmasi tashkil etiladi.

Quyidagilar yangi suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

• fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari, klaster tashkilotlari va boshqa suv iste’molchilari (keyingi o‘rinlarda suv iste’molchilari deb ataladi) o‘rtasida o‘zaro suv xo‘jaligi munosabatlarini tartibga solish hamda suv iste’moli bo‘yicha shartnomaviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish;
• suv xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda suv iste’molchilarining suv iste’moli rejalari va suv olish limitlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlash, ajratilgan limit doirasida suv yetkazib berish, uning hisob-kitobini va tizimli monitoringini olib borish;
• suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan birgalikda uyushma va uning gidrouchastkalarini malakali kadrlar bilan butlash hamda ularning faoliyatini samarali tashkil qilish;
• mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda o‘z hisobidagi sug‘orish tarmoqlari va ulardagi gidrotexnik inshootlarni ta’mirlash va tiklash, suv iste’molchilarining suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda ularning ichki sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash ishlarini tashkil qilish;
• suv xo‘jaligi tashkilotlari bilan birgalikda sug‘orish tarmog‘ini rekonstruksiya qilish va qurish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ishlarini belgilangan tartibda tashkil qilish;
• o‘z hisobidagi suv xo‘jaligi ob’ektlaridan maqsadli foydalanish, ularni texnik soz holda saqlash;
• suv xo‘jaligi tashkilotlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda suvni boshqarishda innovatsion usullarni joriy etish, suv iste’molchilari tomonidan tomchilatib sug‘orish va suvni tejaydigan boshqa texnologiyalar joriy qilinishini tashkil qilish.

Suv iste’moli rejalari, suv olish limitlari, biznes-rejalari, shuningdek suv iste’molchilariga ko‘rsatilgan suv xo‘jaligi xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori uyushmaning umumiy yig‘ilishida tasdiqlanadi. Qayta tashkil etilayotgan uyushmalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda davlat boji to‘lovlaridan, istisno tariqasida, ozod qilinadi. Uyushmalarning ijrochi direktorlari lavozimiga suv xo‘jaligi sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli, ish tajribasiga ega bo‘lgan shaxslarni tayinlash tavsiya etildi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar (Quvasoy shahri) hokimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uyushmalarni qayta tashkil etish, ularning xizmatlari uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilishi, faoliyatini samarali tashkil etishda uyushmalarga amaliy yordam ko‘rsatish topshirildi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga uyushmalarni vazirlik tizimidagi tashkilotlar binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish topshirildi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligiga uyushmalarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash va ularning malakasini oshirish, suv iste’moli bo‘yicha rejalarni ishlab chiqish, suv olish limitlarini tasdiqlash, shartnomalar tuzish hamda suvning hisob-kitobini yuritishda, shuningdek boshqa vazifalarni bajarishda amaliy yordam ko‘rsatish yuklatildi. Uyushmalar bilan birgalikda suv xo‘jaligi ob’ektlari va suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha namunaviy tartib ishlab chiqiladi.

2020 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi korxonalariga boshoqli don yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida ajratiladigan kreditlar umumiy miqdorining kamida 1 foizi uyushmalarning suv xo‘jaligi xizmatiga haq to‘lash uchun, paxta xomashyosini yetishtirish uchun kreditlarning kamida 2 foizi nazarda tutiladi. Ushbu mablag‘lar suv iste’molchilari tomonidan uyushmalar ko‘rsatadigan xizmatlar uchun majburiy tartibda to‘lanishi kerak.

Uyushmalarning elektr energiyasi, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha 2019 yil 1 aprel holatiga ko‘ra qarzlarni to‘lash muddati 2022 yilga qadar uzaytirildi hamda 2024 yil 31 dekabrga qadar to‘liq qoplanadi. Bunda DSQ uyushmalarga soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha hisoblangan penyalarni hisobdan chiqaradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Yangi suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari belgilandi