12:58 / 17.05.2020
3 918

XTV tizimi tashkilotlari tomonidan 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi

XTV tizimi tashkilotlari tomonidan 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi
Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida xalq ta’limi vaziri o‘rinbosarining «Xalq ta’limi vazirligi tizimida 2018—2019 yillarda budjetdan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi hamda 2020 yilgi xarajatlarni maqbullashtirish imkoniyatlarini aniqlash bo‘yicha» axboroti eshitildi.

Parlament saytida ma’lum qilinishicha, 2020 yil 14 may kini Hisob palatasi tomonidan bu borada o‘rganishlar o‘tkazilgan. Uning natijasi bo‘yicha aniqlangan holatlarni bartaraf etish hamda kelgusida takrorlamaslik yuzasidan 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 28 ta taklif ishlab chiqilib, tegishli vazirlik, tashkilot va idoralar hamkorlikda mazkur takliflarni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqilib, XTVga uni tasdiqlash va amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.

Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan xalq ta’limi tizimiga ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli va samarali ishlatilishi, ajratilayotgan mablag‘ga yarasha natijadorlikka erishish masalalari o‘rganildi va tahlil qilingan.

O‘tkazilgan o‘rganish natijasida XTV tizimi tashkilotlari tomonidan jami 192,2 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Tizim tashkilotlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar tahlili natijasida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun talablariga rioya etmagan holda 56 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilgan.

Bundan tashqari, umumta’lim maktablarini ta’mirlash hamda jihozlash uchun ajratilgan 27,8 milliard so‘m budjet mablag‘lari samarasiz sarflanganligi va Xalq ta’limidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larining 21 milliard so‘mlik qismi noto‘g‘ri sarflanishi hamda 34,9 milliard so‘mlik boshqa xato va kamchiliklar aniqlandi.

Qayd etilishicha, aniqlangan xato va kamchiliklarning 27,1 milliard so‘mlik qismi o‘rganish jarayonida bartaraf etildi.

Qo‘mita Hisob palatasi tomonidan tayyorlagan ma’lumotnoma va unda ko‘rsatilgan Xalq ta’limi tizimida budjet xarajatlarini 2018—2019 yilda bajarilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, buning uchun mas’ul shaxslarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanishi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilik ommasiga vazirlik saytida ma’lumotlar berib borilishi belgilandi.

Kelgusida bu kabi kamchiliklarning oldini olish maqsadida inson omilini kamaytirish, dasturiy vositalarni keng qo‘llash, barcha sohalarga raqamlashtirish tizimini joriy etish zarurligi aytib o‘tildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » XTV tizimi tashkilotlari tomonidan 192,2 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi