17:47 / 18.05.2020
2 400

Payariqda 300 ta dehqon xo‘jaligi tashkil etildi

Payariqda 300 ta dehqon xo‘jaligi tashkil etildi
Samarqand viloyatining Payariq tumanida yangi loyiha amalga oshirildi. Aniqrog‘i tuman hokimi, mutaxassislar, jamoatchilik taklifi bilan Navoli massivida uzumchilik bilan shug‘ullanish samara berishi aniqlandi. “Agromir grupp” konserini rahbarlari bilan foydalanilmay yotgan bu maydonda dehqonchilik klasteri tashkil etish rejalashtirildi. Dehqonobod, Sho‘rtepa, Istiqlol, Oqtosh mahallasida yashovchi qo‘lidan ish keladigan, mehnat qilishga ishtiyoqi bor, ammo moddiy ahvoli og‘ir, shuningdek, xorijdan qaytganlardan 1200 kishi tanlab olindi. Ular bilan dildan suhbatlashib, masala mohiyati tushuntirilgach, hozircha ularning 300 nafariga bu maydonlardan yarim gektardan yer ajratib berildi.

“Agromir grupp” konserni tomonidan 300 nafar kishining yeri uchun artezian qudug‘i qazib, suv chiqarildi. Tok nihollari, tomchilatib sug‘orish vositalari eltib berildi. Tok uch yilda hosilga kiradi. Shu sababli ikkinchi bosqichda nihollar orasiga ekish uchun bodring, qovun, tarvuz urug‘lari berildi. Hozir palaklar ko‘zga tashlanib qoldi. Nasib bo‘lsa, hosilni yig‘ishtirib olsa, shu maydonga to‘qsonbosti ekinlaridan ekadi. Darvoqe, bodringning eksportbop navi tanlangan, “Agromir” uni o‘zi sotib oladi, qayta ishlaydi.

— Bu loyiha hammaga naf keltiradi, — dedi senator Sh.Jalolov. — Qishloq ahli mulkdor, daromadli bo‘ladi, yer egasini topadi va xalqqa foyda keltiradi, biz esa dehqonchilik klasterini shakllantiramiz, eksport hajmini oshiramiz. Zero davlatimiz rahbari oldimizga qo‘ygan vazifa ham aslida shu.

Faqat bugina emas, “Agromir grupp” konserni negizida Payariqda “Baraka chekkin” MCHJ tashkil etildi. Yer dehqonlarga 49 yilga ijara shartnoma asosida berildi va 300 ta dehqon xo‘jaligi shakllantirildi.

Bundan tashqari fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa egalari jamg‘armasi bu dehqonlarga uch yil muddatga (shundan 6 oyligi imtiyozli) 15 foizli kreditlar ajratdi. Darvoqe, tomchilatib sug‘orish tizimini boshqarish uchun birlashib, kooperatsiya tuziladi, ya’ni har kim o‘z ishini qiladi.

Abdulaziz Yo‘ldoshev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Payariqda 300 ta dehqon xo‘jaligi tashkil etildi