21:19 / 30.06.2020
4 171

Ekobloger: “Hayvonot bog‘ini yopish kerak!”

Ekobloger: “Hayvonot bog‘ini yopish kerak!”
Ijtimoiy tarmoqda ba’zi-ba’zida uy hayvonlariga qilinayotgan zulm va azoblar yozilgan postlar, hayvonlarni qiynagan kimsalar haqida videolar paydo bo‘ladi. Quyida keltirilgan blogda ham Toshkent hayvonot bog‘idagi holat haqida yozilgan. Uni o‘zgarishsiz havola qilamiz.

“Toshkent hayvonot bog‘ini yopish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda hayvonlarga oddiy suv berishmayotgani qayd etilgan. Bu issiqda suvsiz qanday yashasa bo‘ladi? Kimga keragi bor bu qamoqxonaning? Ayiqni ahvolini qarang. Jonivorlarning ham joni bor. Ularning organizmi ham 80 foiz suvdan iborat.

Rivojlangan davlatlardagi hayvonot bog‘lariga topshiringlar o‘lib qolmasidan. Shunday ahvol bo‘lsa, hayvonlarni qiynaydigan hayvonot bog‘i Toshkentga umuman kerak emas.

Video eski, hozir u yerda suv bor deyishmoqda. Ammo u suvni ichib bo‘lmaydi shekilli. Lekin hayvonot bog‘lariga bo‘lgan munosabatim o‘zgarmaydi. Toshkent hayvonot bog‘idagi muammolar ko‘p marta gapirilgan.

Ma’lumot uchun: men faqat Toshkentdagi emas, har qanday hayvonot bog‘iga va hayvonlar ishtirok etgan sirklarga qarshiman. Yarim soatli ko‘ngilocharlik uchun hayvonlarni qafasda saqlashga qarshiman. Ko‘plab rivojlangan davlatlar sirk va hayvonot bog‘laridan voz kechmoqda”.

Muborak dinimizda, oyat va hadislarda hayvonlarga qanday muomala qilishga buyurilganmiz?

Alloh Qur’oni karimda barcha jonzotlar insonlar kabi «ummat» ekanligi ta’kidlanadi. Aynan shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonlilarga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Bu xususda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Yer yuzidagi har bir yuruvchi jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir» (An’om surasi, 38-oyat).

Agar hayvonlarning har bir turi yoki oilalari alohida ummat hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashash haqqiga ega bo‘ladilar.

Islomda hayvonot olamiga hech qanday zarar yetkazish mumkin emasligi qattiq ta’kidlanadi. Imom Muslim Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, Nabiy alayhissalom oldilaridan yuziga tamg‘a bosilgan eshak olib o‘tildi. Shunda u zot: «Mening hayvonlar yuziga tamg‘a bosgan va ularning yuziga urganlarni la’natlaganim sizlarga yetmagan edimi?!» dedilar.

Abdulloh ibni Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir ayol o‘zining mushugi tufayli do‘zaxga kirdi. Uni qamab qo‘yib, unga taom ham bermadi, uni yerdagi narsalarni yemog‘i uchun qo‘yib ham yubormadi. Hatto u ozib-to‘zib o‘ldi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Imom Nasaiy Ash-Shurayda roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda: «Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «Kimki chumchuqni sababsiz o‘ldirsa, qiyomat kuni Allohga «Ey Robbim, falonchi meni manfaat uchun emas, o‘ynab o‘ldirdi», deb shikoyat qiladi», deganlarini eshitdim», deyilgan.

Islomdagi hayvonlarga mehribonlik va yaxshi munosabat faqat ulardan insonlarga yetadigan manfaat bilan bog‘liq emas, balki musulmonlar barcha hayvonot olamiga, hatto inson ulardan bu dunyoda hech qanday manfaat kutmasa ham, yaxshi munosabatda bo‘lishga buyurilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Ekobloger: “Hayvonot bog‘ini yopish kerak!”