12:50 / 17.07.2020
2 617

Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi

Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi
O‘zbekistonda koronavirusning tashqi alomatlari bo‘lmagani uchun uyida davolanishi mumkin bo‘lgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi. Bu haqdagi qaror 16 iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi yig‘ilishida qabul qilingan.

Yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 15 iyul kuni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarish masalalari muhokama qilindi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’uliyatini yanada oshirish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Maxsus komissiya yig‘ilishida koronavirus infeksiyasining odamlar orasida keng tarqalishi oldini olish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uzluksizligini ta’minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi galda qilinadigan ishlarga e’tibor qaratildi.

Komissiya yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ruyxati tasdiqlangan.

Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davolanayotgan bemorlarga «Gidroksixloroxin», «Azitromitsin», «Paratsetamol», «Vitamin S» kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me’yorda, bepul yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan bepul ta’minlanadi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to‘plamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.

Bundan oldinroq, maxsus komissiya yig‘ilishida barcha xususiy klinikalarga koronavirusga test olish va davolashga ruxsat berilgani xabar qilingandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi