2 222
Prezident: «Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan»
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Tadbir avvalida davlat rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Bugunga kelib yurtimizda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 15 mingdan oshgani, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 8 mingdan ortiq kishi sog‘aygani qayd etildi. Afsuski, ushbu virus tufayli qariyb 80 nafar fuqaro vafot etgan.
«Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa – ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini ko‘rishdan iborat. Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, beg‘am bo‘lsak, minglab odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, vaziyatimiz yanayam og‘irlashadi. Eng qo‘rqinchlisi, o‘lim soni keskin ko‘payadi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatish joiz, davlatimiz rahbari o‘zining avvalgi chiqishlarida pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan o‘zgartirish kerakligi haqida gapirgan edi. Bugun ham shu masalaga to‘xtalar ekan, hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng ta’sirchan vositalarni ishga solish zarurligini ta’kidladi.
«Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda bo‘lishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz bo‘lishi shart. Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz», deya so‘zida davom etdi prezident.
Bu borada eng katta mas’uliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tildi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlandi.
«Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va mas’ullarning miyasi soat mexanizmiday kun-u tun, aniq va bexato ishlashi lozim. Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qo‘limizda aniq ma’lumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak», degan davlat rahbari.
Prezident videoselektor yig‘ilishida yana bir bor xalqimizga murojaat qildi.
«Har birimiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning sog‘lig‘i va taqdiri uchun avvalo o‘zimiz mas’ul ekanimizni chuqur anglashimiz lozim. Shu munosabat bilan xalq vakillari bo‘lgan deputatlarimizdan, ijodkor ziyolilarimiz, hurmatli jurnalistlarimiz, mahalla faollaridan iltimos qilaman: pandemiya davrida har bir odamning shaxsiy mas’uliyati haqidagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishimiz kerak.
Biz pandemiyani qachon yengamiz? Qachonki, har bir odam o‘zidagi beparvolikni yengsa, o‘zi, oilasi va farzandlari, butun xalqimiz hayotiga mas’uliyat bilan qaraydigan bo‘lsa.
Biz shunga qodirmizmi? Albatta, qodirmiz. Ishonchim komil, bugungi vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan mana shunday hissiyot va qarashlar har bir yurtdoshimizning qalbi va ongiga chuqur kirib boradi. Va biz bu sinovdan, albatta, munosib o‘tamiz», deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, 15 iyul kuni Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiyaga qarshi kurash borasidagi ishlar qattiq tanqid qilinib, aniq vazifalar belgilangan edi. Bu borada ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar bo‘yicha bugun Toshkent shahri hokimi, Bosh prokuror va boshqa mutasaddi rahbarlar hisobot berdi. “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”